Xorazmlik yengil atletikachi talabalarga teng keladigani yo‘q
Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” markaziy stadionida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” respublika final bosqichi doirasida yengil atletika musobaqalarining navbatdagi kuni bahslari bo‘lib o‘tdi.
Kun dasturiga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan talaba-sportchilar yengil atletikaning 200, 800 va 3000 metr masofalarga yugurish hamda uch hatlab sakrash yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning yengil atletika musobaqalarida umumjamoa hisobida Xorazm viloyatining Urganch davlat universiteti sport klubi yetakchilik qildi. Jamoa vakillari 6 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, jami 9 ta medal jamg‘ardi.

Ikkinchi o‘rindan Andijon davlat universitetining “ADU” sport klubi joy olgan. Andijonlik talabalar hisobida 4 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal mavjud bo‘lib, ularning umumiy medallari soni 6 tani tashkil etmoqda.

Kuchli uchlikka Qoraqalpoq davlat universiteti sport klubi yakun yasab bermoqda. Jamoa vakillari 3 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, jami 5 ta medalga sazovor bo‘lgan.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, musobaqalarning muntazam tashkil etilishi yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni kashf etish hamda milliy sport zaxirasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA