Zamonaviy media tahdidlari xalqaro konferensiyada muhokama qilindi
Raqamli axborot makoni kengayib borayotgan bugungi kunda haqqoniy ma’lumotni soxta xabarlardan ajratish, jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash va OAVga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash eng dolzarb vazifalardan biridir. Bu borada xalqaro tajriba almashish hamda media sohasida yagona yondashuvlarni ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) shafeligida 26-Markaziy Osiyo mediakonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Umumiy voqelikni yaratish: raqamli asrda axborotning haqqoniyligi, mediaetika va ishonch” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda raqamli makondagi dolzarb muammolar muhokama qilindi. Xususan, sun’iy intellekt, dipfeyk texnologiyalari va kiberbulling bilan bog‘liq tahdidlar, so‘z erkinligini himoya qilish, soxta axborot tarqalishining oldini olish hamda ommaviy axborot vositalariga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonning tegishli vazirlik va idoralari, media tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar hamda xalqaro ekspertlardan iborat 120 nafardan ziyod vakil ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Nigora Xojayeva ham qatnashdi.
Anjuman doirasida YeXHT Vazirlar kengashining 2018-yil 7-dekabrda qabul qilingan “Jurnalistlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi qarori rasmiy matnining ilk bor o‘zbek va mintaqadagi boshqa tillardagi tarjimasi e’lon qilindi.
Mazkur hujjat jurnalistlarning erkin va xavfsiz kasbiy faoliyat yuritishi, ularning huquqlarini himoya qilish hamda bu boradagi davlatlar majburiyatlarini ta’kidlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda axborot tarqatish tezligi bilan bir qatorda, uning haqqoniyligi, manbalarning ishonchliligi va materiallarni mas’uliyat bilan ulashish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta tasvirlar va videolar (dipfeyklar), yolg‘on xabarlar hamda internetdagi tazyiqlar (kiberbulling) axborot iste’molchilarining media savodxonligini oshirish va jurnalistlarning kasbiy mas’uliyatini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu jihatdan, 26-Markaziy Osiyo mediakonferensiyasi mintaqa davlatlari o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy axborot tahdidlariga birgalikda qarshi kurashish va media sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA