Xorazm viloyatida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i ushlandi
Qo‘shko‘pir tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i R.A. o‘z maqomi va mansabidan foydalanib, osongina boylik orttirishni ko‘zladi.
Mazkur mansabdor fuqaro J.P.ga tegishli noturar binoni viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasidagi “Kattakon” tanishlari orqali turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga 1 000 AQSH dollari “pora” so‘raydi.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyati boshqarmasi hamda hamkor huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “nafs balosi”ga giriftor bo‘lgan mansabdor rejalashtirilgan summaning bir qismi, ya’ni 700 AQSH dollari va 3 million 600 ming so‘m pulni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri