XOQ Infantino bo‘yicha tekshiruv boshlashdan bosh tortdi
XOQ mutaxassislari murojaatni ko‘rib chiqib, mazkur masala tashkilotning Etika komissiyasi vakolatiga kirmaydi, degan xulosaga kelgan.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) FIFA prezidenti Janni Infantinoning JCH–2026 davomidagi harakatlari yuzasidan tekshiruv boshlamaslikka qaror qildi. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, XOQ mutaxassislari murojaatni ko‘rib chiqib, mazkur masala tashkilotning Etika komissiyasi vakolatiga kirmaydi, degan xulosaga kelgan.
Huquqni himoya qiluvchi FairSquare tashkiloti XOQga AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotidan so‘ng murojaat qilgan edi. Tramp FIFA prezidenti Janni Infantino bilan bog‘lanib, AQSH terma jamoasi futbolchisi Folarin Balogunning JCH–2026 nimchorak finali oldidan diskvalifikatsiyasini qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini ma’lum qilgandi.
Shu sababli FairSquare futbol Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishini inobatga olib, masalani XOQ ko‘rib chiqishini talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya futbol federatsiyasi (NFF) prezidenti Lise Klaveness ham Balogunning diskvalifikatsiyasi bekor qilingani yuzasidan FIFA Etika qo‘mitasiga rasmiy shikoyat kiritishini ma’lum qilgan edi.