Xodim o‘z ishiga qayta tiklandi
“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan fuqaro B.B. 2026-yilning 5-yanvar kuni asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan.
Adolatni tiklash maqsadida, u fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga murojaat qilgan va sud uning da’vosini to‘liq qanoatlantirdi. Jumladan, da’vogarni “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga joriy yil 5-yanvardan ishga qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shunga qaramasdan javobgar tashkilot tomonidan sud qarori ijrosi ta’minlanmagan.
Da’vogar sud qarori asosida chiqarilgan ijro varaqani Majburiy ijro byurosi Taxtako‘pir tuman bo‘limiga topshirgan. Bo‘lim davlat ijrochisi shu kunning o‘zida javobgar tashkilot rahbariyatiga sud qarori ijrosi ta’minlanishi shartligi, aks holda ularga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi. Shuning natijasida, da’vogar B.B. “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktorining 2026-yil 15-maydagi buyrug‘iga asosan o‘zining avvalgi ish o‘rniga qayta ishga tiklandi va sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.