Xiva – Islom dunyosining turizm poytaxti
Ozarbayjon Respublikasi Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining 11-sessiyasi doirasida Xiva 2024 yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilindi. Boy tarixga ega shaharning bugungi ko‘rinishi, ochiq osmon ostidagi muzey shahar deb e’tirof etilishi ham bejiz emas, albatta.
Tarixni ko‘z bilan ko‘rish zavqli, Xivadagi bu mo‘’jizali ko‘rinish esa har bir mehmonni hayratga sola oladi. Ellikdan ortiq me’moriy obidalar, muzeylar 3 ming yillik tarix haqida so‘zlaydi.
Ko‘hna tarixning bugungi manzarasi ham sehrli. Xivaga keluvchi mehmonlarni hayratlantiradigan, sevintiradigan bu ko‘rinish butun dunyo e’tibori va e’tirofida. Shaharning 2024 yil Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qilinishi katta voqelik. Bu xushxabar barchani birdek sevintira oldi.
– Shahar hududida joylashgan mangulikka daxldor tarixiy obidalar, amaliy san’at namunalari, milliy an’analar, urf-odatlar, marosimlar teran tarixiy ildizlarga ega, – deydi Xorazm viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sharifa Qurbonova. – Shuningdek, muhim hujjatlar, nodir qo‘lyozmalar ham boy tarix, muhim manba sifatida “Ichan qal’a” muzeylaridan o‘rin olgan. Qolaversa, xalqaro tadbirlar, forumlarga mezbonlik qilgan ko‘hna shahar bu. Turkiy dunyo madaniyati poytaxti maqomiga ega bo‘lgan Xiva endi islom dunyosida turizm poytaxti sifatida ham e’tirof etildi.
Islom hamkorlik tashkilotiga 57 ta davlat a’zo bo‘lgan. Bu davlatlarning turizm vazirlari va boshqa mas’ullar ishtirokida Xorazmda ham yig‘ilish o‘tkaziladi. Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini namoyish etishga imkon beruvchi ushbu tadbirdan ilmiy-amaliy anjumanlar, fotoko‘rgazmalar, art-ekspozitsiyalar o‘rin oladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fWjwvnjPOJw" title="Xiva – Islom dunyosining turizm poytaxti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, O‘zA