Xitoy uchun boshqa “Olma”: kompaniya boshqa AI modelini yaratdi
"Apple" Xitoy bozori uchun maxsus katta til modelini ishlab chiqdi. Loyiha "Alibaba" bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Bu kompaniyaning Xitoyda sun’iy intellekt xizmatini mahalliy uslubga tayanib ishga tushirish rejasidan farq qiladi.
“Apple Intelligence” SI platformasi yaqin oylarda ishga tushiriladi. Mazkur mahalliy tizimda “Alibaba”ning “Qwen” modeli hamda “Baidu” texnologiyasidan foydalanish rejalashtirilgan. “Apple” tayyorlagan variant nima vazifani bajarishi va boshqa tizimlar bilan qanday ishlashi hozircha aniq emas.
“Apple” uchun Xitoydagi SI imkoniyati muhim ahamiyatga ega. Kompaniyaning mahalliy raqiblari, xususan “Huawei” SI funksiyasiga ega qurilmalarni jadal rivojlantirmoqda. Xitoydagi “iPhone”larda AI funksiyasi mavjud emasligi ham so‘nggi vaqtda sotuvga ta’sir qilgan omil sifatida ko‘rsatilgan.
Ushbu yangi model Pekinning qat’iy talabini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. O‘tgan oy Xitoy kiber makon ma’muriyati kompaniyaning generativ AI xizmatini ro‘yxatdan o‘tkazib, “Apple Intelligence”ni mahalliy “iPhone”da ishlatishga yo‘l ochdi. Demak, “Apple” Xitoy hukumatidan o‘z AI modelini taqdim etishga ruxsat olgan ilk xorijiy kompaniyaga aylanishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA