Sayyohlar xavfsizligi — turizmning eng muhim mezoni
Jizzax viloyatida turizm salohiyatini yuksaltirish bilan bir qatorda sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, zamonaviy turizm infratuzilmasi faqat qulay sharoitlar bilan emas, balki xavfsiz muhit bilan ham baholanadi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayro G‘ayrat Qodirov vohadagi turistik va dam olish maskanlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xususan, Forish tumanida joylashgan “Baland osmon” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Sharof Rashidov tumanidagi “Rancho tur” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli sayyohlik maskanlarida turistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, videokuzatuv tizimlari, xavfsizlik choralari va profilaktik tadbirlar ko‘zdan kechirildi. Mas’ullar tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlarning xavfsiz, mazmunli va maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Shuningdek, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yanada yuksaltirish, xavfsizlik tizimlarini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasida xavfsizlikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Mutaxassislar fikricha, sayyohlarni jalb qilish uchun tabiat yoki tarixiy obidaning o‘zi yetarli emas. Turist o‘zini xavfsiz his etgan joyga yana qaytadi, boshqalarga ham tavsiya qiladi. Aks holda, eng go‘zal maskan ham kutilgan natijani bermasligi mumkin. Jizzaxda amalga oshirilayotgan bu kabi o‘rganishlar va nazorat tadbirlari nafaqat jamoat xavfsizligini mustahkamlash, balki hududning turistik jozibadorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Chunki turizm rivojining mustahkam poydevori — bu xavfsizlikdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA