Xitoy tajribasi: bog‘larga aylangan sahrolar
Markaziy Osiyo mamlakatlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Xitoyning Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayoniga tashkil etilgan press-tur doirasida ishtirokchilar Aqsu viloyati Vensu tumanidagi Ko‘kqiyar ko‘kalamzorlashtirish loyihasi hamda zamonaviy mevachilik klasterlari faoliyati bilan tanishdi.
Safar davomida jurnalistlar cho‘llanishga qarshi kurash, ekotizimlarni tiklash va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.Ko‘kqiyarni ko‘kalamzorlashtirish loyihasi bugun nafaqat Xitoyning, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham cho‘llanishga qarshi kurashning samarali namunasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari Vensu tumanidagi “Bintansin” navli olma va yong‘oq yetishtirish namoyish maydonlari, shuningdek, Ko‘kqiyar memorial majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, uyg‘ur tilida “Ko‘kqiyar” “ko‘k qoya” ma’nosini anglatadi. Bundan qirq yil muqaddam bu hudud qum bosgan, o‘simlik o‘sishi deyarli mumkin bo‘lmagan sahro edi. 1980-yillarda bu yerda yiliga yuz kundan ortiq qum bo‘ronlari kuzatilib, sahro har yili shahar tomon bir necha metr siljib borardi.
1986-yildan boshlangan keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari natijasida minglab insonlarning mehnati bilan sug‘orish tarmoqlari barpo etildi, millionlab ko‘chatlar ekildi. Bugungi kunda o‘rmonzorlar maydoni 80 ming gektardan ziyod hududni qamrab olgan bo‘lib, o‘rmonlashish darajasi 8 foizdan 73 foizga yetgan. Ilgarigi qumlik hudud hozir ekologik muhofaza va mevachilikni uyg‘unlashtirgan yashil makonga aylangan.
Safar davomida jurnalistlar sobiq cho‘l hududida tashkil etilgan zamonaviy olmazorlar bilan ham tanishdi. Bu yerda raqamli texnologiyalar asosida daraxtlarni parvarishlash, hosilni ilmiy yondashuvlar bilan tartibga solish hamda yuqori sifatli mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur yondashuv nafaqat hosil sifati oshishiga, balki qumlarni mustahkamlash, mahalliy iqlimni yaxshilash va har yili o‘n minglab aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Vensu tumanidagi yong‘oqchilik bazasida esa “o‘rmon o‘rmonni boqadi” tamoyili asosida ishlab chiqilgan iqtisodiy model taqdim etildi. Unga ko‘ra, mevachilikdan olinadigan daromadlar o‘rmonlarni muhofaza qilish va yanada kengaytirish ishlarini moliyalashtirish imkonini beradi. Bu esa ekologik barqarorlik bilan iqtisodiy samaradorlikni o‘zaro uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlari Ko‘kqiyar tajribasini yuqori baholab, uning qurg‘oqchil va cho‘llanish xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun amaliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi. Ular ekologik tiklanish, davlat siyosati, ilmiy yondashuv va mahalliy aholi ishtirokini uyg‘unlashtirgan mazkur tajriba mintaqa mamlakatlari uchun ham qiziqarli ekanini qayd etdi.

Bugungi kunda ekologik xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi va cho‘llanishga qarshi kurash masalalari O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning ham muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ikki davlat o‘rtasida “yashil” taraqqiyot, atrof-muhit muhofazasi, suv resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlik kengayib bormoqda.
Bu jihatdan Ko‘kqiyarda to‘plangan tajriba nafaqat Xitoyning ekologik islohotlari samarasi, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham cho‘llanishga qarshi kurash, yer resurslaridan samarali foydalanish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA