Xitoy – O‘zbekiston: tibbiyot sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Buxoro davlat tibbiyot instituti Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Olima Vohidova Xitoyda yozgi o‘quv amaliyotini yakunlab, ish joyiga qaytdi.
U 20-iyuldan 11-avgustgacha boshqa tinglovchilar qatori XXR hukumatining 2026-yilgi xalqaro stipendiya dasturi doirasida yozgi oromgohda bo‘lib, klinik tashhis va davolashning ilg‘or usullari, shuningdek an’anaviy Chin tabobatini o‘rgandi. Yurtdoshimiz Lanjou universiteti huzuridagi klinik tibbiyot instituti – Ikkinchi shifoxonada qisqa muddatli amaliyot ham o‘tab, nazariy mashg‘ulotni amaliyot bilan uyg‘unlashtirdi.
Tadbirda mamlakatimizdan 7 talaba va 3 nafar o‘qituvchi ham ishtirok etdi. Yoshlarimiz xitoylik shifokorlar rahbarligida klinik davolanish jarayonini kuzatib, tibbiy ko‘nikma o‘zlashtirdi. Ilg‘or texnologiya asosida jarroh-robotlar ishini kuzatdi, 3D boshqaruvi yordamida ko‘zda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish bo‘yicha tajriba oshirdi. Shuningdek, “In va Yang muvozanati”, “Alomat va belgini farqlab tashhis qo‘yish va davolash” kabi an’anaviy Xitoy tibbiyoti usullari bilan tanishdi, igna sanchish va vakuum terapiyasi usulini o‘rgandi.
Olima Vohidova “Sinxua”ga bergan intervyusida Chin sog‘liqni saqlash tizimidan beqiyos taassurot olgani, xususan tibbiyot xodimlari bemorlarni juda sinchkovlik bilan parvarish qilishi, muayyan kasallikka qarab turli jarrohlik yondashuvini qo‘llashini kuzatganiga urg‘u bergan.
Qo‘qon davlat universiteti Andijon filiali talabasi Mubinaxon To‘ychiyeva aytishicha, xitoylik shifokorlar vakillarimizni ilg‘or tashhis va davolash texnologiyasi bilan tanishtirib, ularga zamonaviy tibbiy uskunalarda ishlashni puxta o‘rgatgan.
– Majmuada klinik ta’lim yuqori darajada tashkil qilingan, – deydi Mubinaxon To‘ychiyeva. – Mezbon shifokorlar jarrohlik amaliyoti oldi tayyorgarligidan tortib, kundalik ishlarni bajarish usuligacha bo‘lgan barcha bosqichlarni batafsil tushuntirib, har bir qadamni ko‘rsatib berishdi.
Lanjou kasalxonasi rahbari Jou Vense ta’kidlashicha, ushbu o‘quv amaliyoti loyihasi tibbiy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish barobarida, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida tibbiy ta’lim, klinik amaliyot va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida tajriba almashinuvini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatning muhim qismidir. Mazkur tashabbus ikki mamlakat yosh tibbiyot mutaxassislari sherikligini chuqurlashtirish va tajriba almashish uchun ko‘proq imkoniyat yaratish maqsadini ko‘zlagan.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA