Yangi O‘zbekiston: Mehnat xavfsizligining yangi modeli
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz taraqqiyotining turli yo‘nalishlarida amalga oshirilgan islohotlarni sarhisob qilish bilan birga, inson qadri va uning manfaatlarini ta’minlash borasidagi natijalarni ham qayta baholash uchun muhim davrdir.
Mustaqillik yillarida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, xodimning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugun mehnat xavfsizligi inson kapitalini asrash, mehnat unumdorligini oshirish va tashkilotlarning barqaror faoliyatini ta’minlashning muhim shartlaridan biriga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnatni muhofaza qilish sohasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu davrda sohaning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirildi, mehnatni muhofaza qilishni boshqarishning zamonaviy mexanizmlari joriy etila boshlandi, xodimlarni o‘qitish tizimi yangilanmoqda, raqamlashtirish jarayonlari jadallashmoqda.
Eng muhimi esa — xavfsizlikka munosabat o‘zgarmoqda: hodisa sodir bo‘lgandan keyin oqibatlarni bartaraf etishdan xavfni oldindan aniqlash va boshqarishga o‘tish kuchaymoqda.
Xavfsizlikni boshqarish tizimiga o‘tish
Zamonaviy mehnat xavfsizligi tizimining asosiy farqi shundaki, unda xavfsizlik alohida tadbirlar yoki faqat nazorat organlarining vazifasi sifatida emas, balki tashkilotning umumiy boshqaruv tizimining ajralmas qismi sifatida qaraladi.
Bu borada 2025-yil 21-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qaror bilan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishni boshqarishga tizimli yondashuvning tashkiliy va amaliy mexanizmlari belgilandi. Tashkilotlarda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha siyosat va maqsadlarni belgilash, mas’uliyat va vakolatlarni taqsimlash, xodimlarni tayyorlash, ichki auditni tashkil etish hamda tizimni muntazam takomillashtirishga asoslangan yondashuv shakllantirildi.
Ayniqsa, ish beruvchining xavfni identifikatsiya qilish, kasbiy xavflarni baholash va ularni boshqarishni tashkil etishi yangi yondashuvning asosiy tamoyillaridan biridir.
Endilikda savol faqat: “Qoidabuzarlik bormi?” emas, balki “Xavf qayerda, uning darajasi qanday va uni hodisa sodir bo‘lishidan oldin qanday boshqarish mumkin?” degan mazmunga ega bo‘lmoqda.
Tizimlashtirilgan mehnat xavfsizligi
2025-yil 24-dekabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori mehnatni muhofaza qilish sohasidagi eng muhim huquqiy qadamlardan biri bo‘ldi.
Qaror bilan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini va tegishli xizmat faoliyatini tashkil etish, xodimlarni yo‘l yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish, bilimlarini tekshirish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, yo‘riqnomalarni ishlab chiqish hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil faoliyatiga oid tartiblar tizimlashtirildi. Bu mexanizmlarning umumiy maqsadi bitta: mehnat xavfsizligini faqatgina hujjatlar to‘plami orqali emas, balki butun bir boshqariladigan tizimga aylantirish.
Bunda xavflarni aniqlash, xodimlarni o‘qitish, ichki nazorat, mas’uliyatni belgilash, profilaktika, baxtsiz hodisalarni tahlil qilish va tizimni takomillashtirish o‘zaro bog‘liq jarayon sifatida qaraladi.
Shu ma’noda yangi modelning asosiy formulasi quyidagicha: Hodisani kutish emas — xavfni boshqarish.
Mehnat xavfsizligi madaniyati
Har qanday me’yoriy hujjatning samarasi uni amaliyotda qo‘llash darajasi bilan belgilanadi. Shuning uchun mehnat xavfsizligining yangi modelida mehnat xavfsizligi madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Mehnat xavfsizlik madaniyati — bu faqat yo‘riqnoma bilan tanishish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirib qo‘yish emas. Bu rahbarning xavfsizlikni ustuvor qadriyat sifatida qabul qilishi, xodimning o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatni anglashi, xavf haqida xabar berishdan qo‘rqmasligi, xavfli sharoitni aniqlagan zahoti choralar ko‘rishi, xatolardan xulosa chiqarishi, baxtsiz hodisa sodir bo‘lishidan oldin sabablarni bartaraf etishidir.
Shu sababli mehnatni muhofaza qilish mutaxassisi ham faqat hujjatlarni yurituvchi xodim emas, balki kasbiy xavflarni boshqaruvchi professional sifatida faoliyat yuritishi kerak.
Bilimni boshqarish-xavfni boshqarishning boshlanishi
Mehnat xavfsizligining barqaror tizimi bilimli va malakali inson kapitaliga tayanadi. Xodim xavfni anglamasa, undan himoyalanish mexanizmi ham to‘liq ishlamaydi.
Shu sababli mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish, yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, bilimlarni tekshirish, malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish strategik ahamiyatga ega.
Asosiy maqsad — xodimning xavfni ko‘ra olishi, baholashi va xavfsiz qaror qabul qila olish qobiliyatini shakllantirish. Shuning uchun, xavfni boshqarishdan oldin bilimni boshqarish lozim.
Xavfsizlik tushunchasi kengaymoqda
Bugungi kunda xavfsiz ish joyi tushunchasi ham o‘z mazmunini kengaytirmoqda. An’anaviy yondashuv asosan mexanik, fizik, kimyoviy va boshqa ishlab chiqarish xavflariga e’tibor qaratgan bo‘lsa, zamonaviy mehnat xavfsizligi tizimi insonning ruhiy va psixologik holatiga ta’sir qiluvchi omillarni ham hisobga olishni talab etmoqda.
Ortiqcha ish yuklamasi, ish va dam olish muvozanatining buzilishi, vazifalarning noaniqligi, psixosotsial xavflar, tazyiq va zo‘ravonlik, nosog‘lom ish muhiti — bularning barchasi xodimning xavfsizligi va mehnat samaradorligiga bevosita ta’sir qilishi mumkin.
Demak, zamonaviy xavfsiz ish joyi — jismoniy jihatdan xavfsiz, ruhiy va psixologik jihatdan ham barqaror mehnat muhitidir.
Baxtsiz hodisalar: tekshiruvdan saboq chiqarishgacha
Profilaktika qanchalik muhim bo‘lmasin, baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan holatlarda davlat organlarining bunday hodisalarga tezkor, xolis va shaffof munosabati ham muhim ahamiyatga ega.
Bugungi islohotlarning yana bir muhim jihati — mehnatni muhofaza qilishga oid dolzarb masalalarning davlat siyosati darajasida izchil hal etilayotgani.
Davlatimiz rahbari tomonidan mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tizimini ilg‘or xalqaro tajriba asosida takomillashtirish borasida berilgan topshiriqlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyiha baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, tekshiruvlarning xolisligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlarni qamrab oladi.
Bu jarayonda asosiy vazifa faqat hodisani rasmiylashtirishdan iborat emas. Eng muhimi — “Nima uchun sodir bo‘ldi va bunday hodisa qayta takrorlanmasligi uchun nima o‘zgarishi kerak?”, degan savolga javob topishdir. Baxtsiz hodisa — bu faqat statistik ko‘rsatkich emas.
Uning ortida inson hayoti, oila taqdiri, mehnat qobiliyati va ijtimoiy himoya masalalari turadi.
Shu sababli har bir hodisa xavfsizlik tizimi uchun saboq va takomillashtirish nuqtasiga aylanishi kerak.
Mehnat xavfsizligi sohasidagi yana bir muhim yo‘nalish — raqamlashtirishdir. Ammo raqamlashtirishning o‘zi maqsad emas. Uning haqiqiy qiymati — aniq ma’lumot asosida tezroq, xolisroq va samaraliroq qaror qabul qilish imkonini yaratishida.
Kelgusida raqamli tizimlar orqali:
· xavflar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlash;
· baxtsiz hodisalarni hisobga olish va tahlil qilish;
· ish o‘rinlari va mehnat sharoitlari haqidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish;
· xavf darajasini tahlil qilish;
· takroriy huquqbuzarliklarni aniqlash;
· nazorat va profilaktika choralarini maqsadli rejalashtirish imkoniyatlari kengayadi.
Natijada davlat nazorati ham tobora ko‘proq ma’lumotlarga, tahlil va xavf darajasiga tayanadigan modelga o‘tishi mumkin.
Davlat nazoratining yangi falsafasi
Zamonaviy mehnat inspeksiyasi faqat sodir bo‘lgan huquqbuzarlikni aniqlaydigan institut bo‘lib qolmasligi kerak. U xavfni aniqlaydigan, tahlil qiladigan, profilaktik choralarni belgilaydigan, mehnat xavfsizligi madaniyatini rivojlantirishga ko‘maklashadigan va inson huquqlarining amaliy kafolatini ta’minlaydigan zamonaviy institut bo‘lishi kerak.
Buning uchun nazorat mexanizmlari ham xavfga asoslangan bo‘lishi zarur.
Qaysi tashkilotda xavf darajasi yuqori,qaysi tarmoqda baxtsiz hodisalar takrorlanmoqda,qaysi ish o‘rinlarida zararli va xavfli omillar ko‘proq uchramoqda, qaysi tashkilotlarda mehnat sharoitlari bo‘yicha baholash natijalari real vaziyatdan farq qilishi mumkin degan savollarga ma’lumotlar va tahlil asosida javob bera olishi kerak.
Mehnat xavfsizligini faqat davlat nazorati bilan ta’minlab bo‘lmaydi.
avfsizlik — davlatning emas, butun jamiyatning umumiy mas’uliyati, ya’ni davlat, ish beruvchi, xodim, kasaba uyushmalari, xodimlar vakillari va professional hamjamiyatning umumiy mas’uliyatidir.
Ish beruvchi xavfsizlikni xarajat emas, uzoq muddatli investitsiya sifatida ko‘rishi kerak.
Mehnatni muhofaza qilish mutaxassisi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan cheklanmay, real xavflarni boshqaruvchi professional bo‘lishi lozim.
Xodim o‘z huquqlarini bilishi, xavfni anglay olishi va xavfsiz mehnat sharoitini talab qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Kasaba uyushmalari va xodimlar vakillari esa mehnat xavfsizligi madaniyatining faol ishtirokchisiga aylanishi zarur.Shundagina mehnat xavfsizligi talab sifatida emas, tashkilotning kundalik qadriyati sifatida shakllanadi.
Mehnatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning umumiy maqsadi bitta:inson hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish.
Chunki mamlakat taraqqiyoti faqat yangi tashkilotlar, zamonaviy texnologiyalar yoki raqamli tizimlar soni bilan o‘lchanmaydi. Taraqqiyotning eng muhim mezonlaridan biri — insonning qanchalik xavfsiz, sog‘lom va munosib sharoitda mehnat qilayotganidir.
Oldimizdagi vazifalar
Kelgusida mehnatni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalar ustuvor bo‘lishi lozim:
Birinchidan, xavflarni oldindan aniqlash, baholash va boshqarishga asoslangan milliy modelni to‘liq shakllantirish.
Ikkinchidan, mehnat xavfsizligi sohasida raqamli ma’lumotlar bazalari va tahliliy mexanizmlarni rivojlantirish.
Uchinchidan, baxtsiz hodisalarni yashirishning oldini oluvchi, xolis va shaffof xabar berish hamda tekshirish mexanizmlarini takomillashtirish.
To‘rtinchidan, mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlarni raqamlashtirish orqali xolislik va shaffoflikni oshirish.
Beshinchidan, davlat mehnat nazoratini xavf darajasi va ma’lumotlar tahliliga asoslangan zamonaviy mexanizmlar bilan kuchaytirish.
Oltinchidan, mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishni mehnat xavfsizligining ajralmas qismiga aylantirish.
Yettinchidan, ish beruvchilar, mehnatni muhofaza qilish mutaxassislari va xodimlarning professional kompetensiyasini muntazam rivojlantirish.
Sakkizinchidan, davlat, ish beruvchi, xodim, kasaba uyushmalari va ekspertlar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish.
Bizning eng katta vazifamiz — har bir xodim ishga sog‘-salomat kelib, ish kuni yakunida oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytadigan mehnat muhitini yaratish.Bu nafaqat mehnatni muhofaza qilish tizimining, balki inson qadri ustuvor bo‘lgan davlat siyosatining ham muhim maqsadidir.
Zero, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modelida xavfsiz mehnat — inson qadri, barqaror iqtisodiyot va munosib kelajakning muhim poydevoridir.
R.Turdiboyeva,
O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish
va bandlik vaziri o‘rinbosari, yuridik fanlar nomzodi.
O‘zA