Xitoy global miqyosda ma’qullanish bo‘yicha AQSHdan o‘zib ketdi
“Gallup” kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, Xitoy global miqyosda ma’qullanish borasida AQSHdan o‘zib ketdi. Hozir Qo‘shma Shtatlarni qo‘llab-quvvatlash 31 foizni tashkil qilmoqda.
Xitoy va AQSH o‘rtasida yuzaga kelgan hozirgi farq 20 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Kompaniya veb-saytida nashr etilgan ma’lumotga ko‘ra, Xitoyni qo‘llab-quvvatlash 4 foiz, ya’ni 2024-yildagi 32 foizdan 2025-yil 36 foizga ko‘tarilgan. Aksincha, AQSH bu borada 8 foiz kam natija qayd etib, 39 foizdan 31 foizga tushgan.
Qolaversa, Amerikaning global yetakchiligidan norozilik 48 foizga chiqdi. Nashr yozishicha, Qo‘shma Shtatlar siyosatini ma’qullash 44 mamlakat, jumladan NATOga a’zo ko‘plab davlatlarda pasaygan. Ayni yo‘nalishda yetakchi hisoblangan Germaniyaning AQSHga moyilligi darajasi 39 band pasaygan.
Xitoyni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar qatoriga Rossiya, Singapur, Tunis va Pokiston kirgan.
Mazkur reyting “Gallup” tomonidan 2025-yil davomida 130 mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqotga asoslangan.
S.Rahimov, O‘zA