Xirmonga baraka yog‘ilmoqda
Jizzax viloyatining Arnasoy tumani dalalarida bugun g‘alla hosili kutilganidan ko‘ra mo‘lroq. Bir necha oy davomida yerga mehr bergan, har bir niholni ko‘z qorachig‘idek asragan mirishkorlar endi halol mehnatlarining samarasini ko‘rishmoqda.
Tumanning bo‘liq g‘allazorlarida o‘rim-yig‘im ishlari uyushqoqlik va yuksak mas’uliyat bilan olib borilmoqda.
Sohada erishilayotgan natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan hamohangdir.

Agrar tarmoqda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Jizzax viloyatining Arnasoy tumani mirishkorlari joriy mavsumda 7100 gektar maydonda g‘alla parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda tumandagi barcha suv iste’molchilari uyushmalari hududida o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in pallaga kirgan.
G‘alla o‘rimini qisqa muddatda va sifatli tashkil etish maqsadida barcha kuch va vositalar safarbar etilgan. Tumandagi 295 ta g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligida hosil taqdiri uchun kurash kechmoqda. O‘rim-yig‘im jarayoniga 14 ta o‘rim otryadi jalb qilingan bo‘lib, dalalarda 23 ta yuqori unumli kombayn ish olib bormoqda. Shundan 11 tasi “Keys”, 9 tasi “Klass” hamda 3 tasi boshqa turdagi texnikalardir.
Donni tezkor tashish va qabul punktlariga yetkazish uchun 142 ta yuk avtomobili hamda 144 ta traktor tirkamasi xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida 6 ta ko‘chma ustaxona va 7 ta yoqilg‘i yetkazib berish texnikasi dehqonlr xizmatiga shay holatga keltirilgan.

Tumanning ilg‘or xo‘jaliklaridan biri hisoblangan “Sangzor” fermer xo‘jaligida ham o‘rim-yig‘im ishlari yuqori sur’atlarda davom etmoqda. Bu yerda jami 150 gektar maydonda bug‘doy parvarishlangan bo‘lib, davlatga g‘alla sotish shartnomasiga muvofiq 570 tonna don mahsulotini xirmonga topshirish rejalashtirilgan.
Dala boshida mehnat jarayonini kuzatar ekanmiz, har bir gektardan olinayotgan baraka ortida tinimsiz mehnat, katta mas’uliyat va tajriba mujassam ekanini his qilish qiyin emas.

Fermer xo‘jaligi rahbari Farxod Yodgorovning aytishicha, bu yil tabiat va mehnat uyg‘unligi kutilgan natijani bergan.
— Bu yilgi hosildorlik har gektardan o‘rtacha 95–100 sentnerni tashkil etmoqda. Bu raqam ortida suvni tejab ishlatish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish va mehnatkashlarimizning fidoyiligi turibdi. Eng katta maqsadimiz davlat oldidagi shartnomaviy majburiyatlarni munosib bajarib, xalqimiz dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shishdir, — deydi fermer.
Darhaqiqat, bugun xirmonlarga to‘kilayotgan g‘alla hosili mamlakat iqtisodiy barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq ahlining farovon hayotiga xizmat qiladi. Arnasoy dalalarida kechayotgan bugungi qizg‘in mehnat ham ana shu ezgu maqsadlar sari tashlangan ishonchli qadamlardan biridir.
Abdujalol Qayumov (video+surat), O‘zA muxbiri