XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Ma’lumki, joriy yilning 12-16-oktabr kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi 2001-yildan buyon har ikki yilda bir marta davlatimizning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu ijodiy loyiha mamlakatimiz tasviriy san’ati sohasida erishilgan ulkan yutuqlarni jahonga namoyish etish, mo‘yqalam sohiblarining o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun imkon yaratish, tasviriy san’at ixlosmandlarini eng sara asarlar bilan tanishtirishda o‘ziga xos ma’rifiy maydon vazifasini o‘tamoqda.

Tadbirda XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesiga tayyorgarlik jarayonining borishi, bo‘lajak tadbirning mazmun-mohiyati, tashkiliy jihatlari hamda uni xalqaro talablar darajasida o‘tkazish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida biyennalening ko‘rgazma dasturini shakllantirish, xorijiy ishtirokchilarni jalb etish, ijodiy ishlarni saralash va ekspozitsiyani tashkil etish, tadbirlar dasturini ishlab chiqish, jarayonlarni muvofiqlashtirish hamda mehmonlar va ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalar yakunida biyennaleni tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA