Xayrli va manfaatli manba
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ko‘p jildli “Islom ensiklopediyasi”ni yaratish jarayonida bir jildli muxtasar “Islom” ensiklopediyasi ham nashr etildi.
Ma’lumki, har qanday ensiklopediya muayyan davr va jamiyatning o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib, unda xalqning ma’naviy qadriyatlari, madaniy an’analari va ilmiy qarashlari o‘z aksini topadi. Shu ma’noda “Islom” ensiklopediyasi ham bugungi islomshunoslik ilmining muhim yutuqlarini mujassam etgan fundamental manba hisoblanadi. Ensiklopedik nashrlar doimiy ravishda takomillashib boruvchi, yangi ma’lumotlar bilan boyitiladigan uzluksiz jarayon mahsulidir. Shu bois, ular jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarni ilmiy asosda sharhlab boradigan muhim ma’rifiy manba vazifasini bajaradi.
Ensiklopediya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘quvchilarga yo‘llagan tabrigi bilan boshlanadi. Unda Islom dini tarixi va ta’limoti, uning asosiy ruknlari, shariat va tariqat qoidalari, muqaddas qadamjolar, mashhur masjid va madrasalar, sahobalar va tobeinlar, muhaddislar, faqihlar, mufassirlar, mutasavviflar, aziz-avliyolar hamda islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar haqida alifbo tartibida tizimli ma’lumotlar berilgan.
Kitobxonlar taklif va istaklari, shuningdek, keyingi yillarda islomshunoslik sohasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari inobatga olinib, ensiklopediyaning mazmuni qayta ko‘rib chiqildi. Tahrir hay’ati tomonidan uning maqolalari yangilandi, to‘ldirildi va shaklan ham takomillashtirildi.
Nashrni tayyorlashda mamlakatimiz hamda xorijning 80 nafardan ortiq islomshunos olimlari va soha mutaxassislari muallif, tarjimon va taqrizchi sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, arab, turk, fors va rus tillaridagi nufuzli manbalardan keng foydalanildi.
Shu bilan birga, ilmiy jamoatchilikka yaxshi tanish bo‘lmagan ayrim shaxslar va noyob asarlar haqidagi ma’lumotlar ham ilmiy muomalaga kiritilgan. Ensiklopediyadan Qur’oni Karimning barcha 114 surasi o‘rin olgan.
Unda jami 1232 ta maqola jamlangan bo‘lib, shularning 351 tasi biografik maqolalardan iborat. Maqolalarning qariyb 30 foizi mahalliy mavzularga, qolgan qismi esa umumislomiy va umumbashariy ahamiyatga ega voqea-hodisalar, tushunchalar va shaxslarga bag‘ishlangan. Shuningdek, kitobga o‘zbekistonlik muftiylar, mufassirlar va jahonga mashhur ulamolar haqidagi ma’lumotlar ham kiritilgan.
Ushbu akademik nashrni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad islom dini va musulmon madaniyati haqida xolis, ilmiy asoslangan ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy merosini asrab-avaylash, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning islom ilmlari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini munosib e’tirof etishdan iborat. Shu bilan birga, mazkur nashrni tayyorlash diniy bilimlarning soxta va buzib talqin qilinishiga qarshi ma’rifiy immunitetni kuchaytirish hamda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
Mazkur ensiklopediyaning ulkan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini hisobga olib, uni dastlab ingliz, fransuz, arab va rus tillariga, keyinchalik esa boshqa tillarga ham tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan.
N.Usmonova, O‘zA