Ijod uchun eng yaxshi vaqt – hozir!
Birlashsak — katta kuchmiz
Qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga e’tibor bersa, kelajagi mustahkam bo‘ladi. Qaysi jamiyat ijod va san’atni qadrlasa, o‘sha xalqning ma’naviy immuniteti kuchli bo‘ladi.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shu kunlarda xalqimiz, ziyolilarimiz ajib his-hayajon qurshovida yashamoqda. Bu ma’naviy hayotimizga daxldor tarixiy voqealar boisidan. Joriy yil 28-may kuni Prezidentimizning madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlari, jumladan, bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonlari qabul qilindi. 1-iyun kuni davlatimiz rahbari madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur voqealar tom ma’noda yangi O‘zbekiston islohotlarining ma’naviy arxitekturasini yanada yorqin ko‘rsatib berdi.
Dastlab madaniyat, san’at va adabiyot vakillariga davlat mukofotlari berilishi haqida gapirsak. Ayni voqelikning ma’naviy ahamiyati va yoshlar kamolotidagi o‘rni beqiyos. Bunday e’tiroflar ijod ahliga rag‘bat baxsh etib, yangi yutuqlarga ruhlantiradi. Ayniqsa, o‘zidan bebaho meros qoldirgan, sermazmun hayoti va yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan o‘chmas joy egallagan marhum ijodkorlarning mukofotlanishi yuksak ibrat namunasidir. Prezidentimizning insonparvar siyosati natijasida анъана tusiga kirgan bunday olijanob yondashuv yangi O‘zbekiston chinakamiga inson qadr-qimmati ulug‘lanadigan ijtimoiy davlat ekanini amalda isbotlamoqda.
Ijodning e’tirofi ijodkorning o‘zi bilan birga yaqinlari, avlodlari va mahallasidagilarga ham faxr bag‘ishlaydi. Bunda katta ma’naviy rag‘bat bor. Ayniqsa, marhum ijodkorlarning mukofotlanishi butun boshli sulolaga va uning davomchilariga berilgan e’tirof hamdir.
Oila a’zolari o‘z xonadonida yig‘ilib, bu voqeani farzandlari va nabiralari bilan xursandchilikda nishonlayapti. Fotoalbomlarni varaqlab, o‘tgan kunlarni xotirlayapti. Shu tariqa oilaviy an’analar rivoj topadi, avlodlar orasida hamjihatlik kuchayadi va o‘z ildizlariga bog‘liqlik mustahkamlanadi.
Madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuv ko‘p jihatdan tarixiydir. Davlatimiz rahbari bu muloqotni “ilhom berish kuni” deb nomlagani bejiz emas. Darhaqiqat, bildirilgan tashabbuslar adabiyot, san’at va madaniyat sohasi vakillariga kuchli ilhom bag‘ishladi.
Xususan, ijodkorlarni rag‘batlantirish va yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etish, har yili Milliy ijodkorlar qurultoyini o‘tkazish va unda yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarni munosib taqdirlash tashabbusi yangradi.
Musiqa sohasida yangi asarlar yaratgan, xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoki asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar, adabiyot sohasida esa asarlari keng e’tirof etilgan, katta adadda chop etilgan, teatr va kinoda sahnalashtirilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar rag‘batlantiriladi. Bunday ijodkorlarga yil davomida har oyda 5 million so‘mdan gonorar beriladi. Ular O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi.
Uchrashuvda ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qator iмтiёзlar e’lon qilindi. Har yili 1000 nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va san’at vakili, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.
Madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuv bir haqiqatni isbotladi — yangi O‘zbekiston tom ma’noda ijodkor qadr topayotgan zamin. Bugun qaysi ijodkor bilan suhbatlashmang, o‘z yutuqlari, mehnatiga yarasha rag‘bat topayotgani haqida jo‘shib gapiradi. “Zamonimiz keldi. Ijod uchun eng yaxshi vaqt — hozir!” deydi ular to‘lqinlanib.
Aslida ham shunday! Vatanimizda ijod erkinligi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar e’tiborga molik. Dunyoga boqaylik: hamma mamlakatda ham holat bizdagidek emas. Hamma davlatning rahbari ham ijodkorlar bilan muloqot qilmayapti va ular haqida qayg‘urmayapti. Hatto rivojlangan davlatlarda ham ijod erkinligi borasida uzoq yillik muammolarni, ijodiy turg‘unlikni kuzatish mumkin.
Aytmoqchi bo‘lganimiz — O‘zbekistondagi ijod erkinligi muhiti o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan voqelik yoki tasodifiy qarorlar hosilasi emas. Bunga ijod ahlini yurakdan yaxshi ko‘radigan, ularni qadrlaydigan va ijodkorning ma’naviy missiyasini teran anglaydigan Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli erishilmoqda.
Ijod erkinligi — jamiyat drayveri
Fransiyalik faylasuf, Nobel mukofoti sovrindori Alber Kamyu “Erkinlik — inson qadrining asosi”, deydi. Yozuvchining bu nuqtai nazari ijod erkinligi insonning ma’naviy mohiyati bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Erkinlik bo‘lmasa, ijod ham, shaxs ham to‘liq rivojlana olmaydi.
Ijod erkinligi jamiyat rivojining asosiy drayverlaridan. Yangi O‘zbekistondagi islohotlar bu erkinlikning ahamiyatini yanada kuchaytirdi va uni jamiyat taраққiётining muhim omili sifatida namoyon qildi. Tizimli islohotlar natijasida jamiyatda ochiqlik va fikrlar xilma-xilligiga nisbatan munosabat sezilarli o‘zgardi.
Mamlakatimizda ijod erkinligini ta’minlash borasidagi siyosat mohiyatida bugunimiz va ertamiz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ulug‘vor maqsadlar bor.
Birinchidan, ijod erkinligi har qanday zamonaviy demokratik jamiyatning poydevor prinsiplaridan. U iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanishga turtki beradi. Tariximizdagi Birinchi va Ikkinchi Renessans misolida bu haqiqatni ko‘rishimiz mumkin. Bu davrlarda xalqimiz orasidan yetishib chiqqan buyuk shaxslarni aynan ijod erkinligi maydonga olib chiqqan. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga intilayotgan davlatimiz ham shu ezgu maqsadda ijod erkinligi uchun keng sharoitlar yaratmoqda.
Ikkinchidan, ijod erkinligi — yangi g‘oyalar va xilma-xillik manbai. Ijod gurkiragan muhitda yaratuvchanlik bo‘ladi. Ijodkorlar tom ma’noda jamiyatga ilg‘or fikrlarni tashuvchilardir.
Uchinchidan, ijod qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Yaratgan yuqtirmasa, iste’dod bermasa, biror asar yaratish, hattoki ikki misra yozish qiyin. Ijodkorlar noyob, xos odamlar. Shunday ekan, ularni jamiyatning o‘ziga xos vakillari sifatida ardoqlash va hurmatini joyiga qo‘yish lozim.
To‘rtinchidan, ijodni qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyatni harakatga keltirish mumkin. Odamlar o‘z mehnatiga rag‘batdan harakatga keladi, uyg‘onadi va yangiliklar bunyod qiladi. Ijod erkinligi insonni shaxs sifatida shakllantiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning ijod erkinligi sohasidagi islohotlari ko‘p qirrali va tizimli xarakterga ega. Ular aniq maqsadlarga tayangan. Huquqiy asoslar, ochiqlik siyosati, davlat qo‘llab-quvvatlovi, ta’lim islohotlari o‘zaro uyg‘un holda rivojlanmoqda. Bu jarayonlar natijasida jamiyatda fikrlar xilma-xilligi, ijodiy faollik va intellektual salohiyatning ortishi kuzatilmoqda.
To‘qilmagan hikoyalar
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, ba’zida bir fikr xayolimga keladi. Yurtimizdagi so‘z va ijod erkinligi, buning uchun yaratilgan sharoitlar haqida ko‘p o‘ylamayotgandekmiz, kam gapirayotgandekmiz. Ijodkorlarga qaratilayotgan e’tiborni tabiiy qabul qilishga o‘rganib qoldik, ko‘p ham hayratga tushmayapmiz.
Aslida, jamiyatimizdagi erkin ijod muhitiga osonlik bilan erishilayotgani yo‘q. Buning ortida ko‘p-ko‘p mashaqqatlar, katta mehnat yotibdi. Uzoqqa bormaylik, yaqin tariximizda ham ijod erkinligining cheklanishi va ijodkorlarning norasmiy qora ro‘yxatlarga solinishiga doir ko‘plab holatlarga guvoh bo‘ldik.
Bunga misollar yetarli.
I
1998-yil. Zominga ustoz ijodkorlar bilan bordik. Yosh ijodkorlarning респuбlikа seminari o‘tkazilmoqda. Ўзбекiсtoн xalq shoiri Muhammad Yusuf bir payt hayajonlanib shoira Halima Хuдойберdiеvaга “Yuring, opa, sizga bir joyni ko‘rsatib kelaman”, deb qoldi. Biz ham ustozlarga hamroh bo‘lib mashinada yo‘lga chiqdik.
Avtoulovlar Zomin sanatoriysiga yaqin joyda to‘xtadi. Muhammad Yusuf Halima opaga qarab: “Opa, ko‘ryapsizmi? — dedi tog‘dan tushayotgan sharsharaga ishora qilib. — Siz shu sharsharaga o‘xshaysiz. Men shu sharsharaga Halima Xudoyberdiyeva deb nom qo‘ydim. Siz shunday bag‘rikeng, dilbar shoirasiz. Ovozini eshityapsizmi? Sizning she’rlaringizda shunday ohang bor, ruh bor. Sharsharaning ulug‘vorligi uzoqdan yaxshi ko‘rinadi”.
O‘shanda Halima opa “Rahmat, Muhammadjon” deb kulib qo‘ydi. Lekin g‘amgin edi. Biz, yosh ijodkorlar bilib turardik — Muhammad Yusufning bu lutfi aslida o‘sha kezlari norasmiy taqiqda yurgan ustoz shoiraning ko‘nglini ko‘tarish uchun atayin qilingan harakat edi.
Keyinchalik ham davralarda, o‘zaro suhbatlarda ko‘p bora guvoh bo‘ldik — ustoz shoiraning uzoq yillar chehrasi va qalbi yorishmadi...
O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva yangi davrda — katta tanaffusdan keyin norasmiy taqiqdan xalos bo‘ldi. U 2017-yilda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Ustoz ijodkor o‘zi orzulagan kunlarni, elu yurtning oldida yuzi yorug‘ bo‘lganini oz bo‘lsa-da ko‘rdi.
Bugun Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi, Andijon shahrida esa Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari faoliyat yuritmoqda. Bu o‘quv dargohlarida yuzlab yangi iste’dod egalari kamolga yetmoqda.
II
1999-yil sentabrida O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga qabul qilindim. Omadni qarangki, bir vaqtning o‘zida “O‘zbekiston ovozi” gazetasida musahhih bo‘lib ishlay boshladim. Tahririyat mashhur “Matbuotchilar uyi”ning 3-qavatida joylashgan edi. Shu qavatda yana bir “idora” — O‘zbekiston matbuot qo‘mitasining maxsus boshqarmasi (adashmasam, UzLIT deyilardi) ish yuritardi. Vazifam taqozosiga ko‘ra gazeta nashrga tayyorlanayotgan kunlari shu “boshqarma”da ko‘p vaqtim o‘tardi. Tahririyatda ko‘rilgan sahifalarni ketma-ketlikda o‘qish uchun shu “idora”ning xodimlariga olib borar edim. Ular o‘qib, ruxsat bergach, sahifani olib ketardim. Qandaydir tuzatish bo‘lsa, o‘shani tuzatardik. Bu idora ruxsat bermagan maqola, she’r, hikoya, kitob, qo‘yingki, hech narsa nashr etilmasdi. Hatto shoirlarning she’rlaridagi misralar, so‘zlar, sarlavhalarga ham e’tirozlar bildirilardi. Qaysidir satri o‘zgartirilgani uchun jig‘ibiyron bo‘lgan shoirlarni ko‘p ko‘rganman. Rasmlar ham kuchli nazoratdan o‘tkazilardi. Bu haqiqiy senzura organi edi. O‘sha kezlari rasman senzura yo‘q deyilsa-da, yonginamizda — qo‘shni xonada shunday nazoratchi xodimlar ishlardi.
O‘sha xonalarda juda ko‘p gazeta-jurnallarning bosh muharrirlarini — biz, talabalar uchun haqiqiy “kumir” bo‘lgan ustoz jurnalistlarni asabiy holda uchratganman. Ular odatda ruxsat berilmagan qaysidir maqola yoki tuzatish bo‘yicha o‘z fikrini bildirish, bahslashish uchun kelardi. Xurshid Do‘stmuhammad, Ahmadjon Meliboyev, Azim Suyun, Safar Ostonov, Ismat Xushev kabi ustoz jurnalistlarning “boshqarma” xodimlari bilan bahslashganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Bunday bahslar aksariyat hollarda “idora” xodimlarining g‘alabasi bilan yakunlanardi. Chunki o‘shanda ularning aytgani aytgan edi.
Hozir bunday tuzilmalar yo‘q. Tahririyatlar chinakamiga mustaqil. O‘zlari xohlagan mavzuni o‘zlari xohlagandek yoritmoqda. Ularning faoliyatiga nisbatan tashqi bosimlar va asossiz aralashuvlar mavjud emas. Qonun doirasida ishlayotgan jurnalist qonunning doimiy himoyasida.
III
O‘zbekning iste’dodli shoirlaridan biri Yo‘ldosh Eshbek ham uzoq yillar norasmiy taqiqda yurdi. Kitoblari ancha vaqt nashr etilmadi, she’rlari matbuotda ham bosilmadi. Xorijga chiqishiga cheklov qo‘yildi. O‘sha yillarda televideniyeda ham chiqishlar qilmadi.
Uch-to‘rt yil oldin Yoshlar ishlari agentligida o‘tkazilgan bir tadbirda ustoz shoir o‘sha davrlarni eslab, ko‘zida yosh bilan gapirdi. “Uyda nabiralarim bilan ovora bo‘lib o‘tirganimda televideniye ekranidan ijodkor do‘stlarim ko‘rinib qoladi. She’r o‘qiydi yoki fikr bildiradi. Shunda nabiralarimga maqtanib, “Bu shoir mening yaqin do‘stim bo‘ladi. Birga universitetda o‘qiganmiz. Birga nashriyotda ishlaganmiz”, deyman. Shunda nabiram mendan so‘raydi: “Bobo, siz ham shoirmisiz? Unda siz nega televizorga chiqmaysiz?”. Nima deyishimni bilmay, kalovlanib qolaman. Bolaga yolg‘on gapirib bo‘lmaydi-ku! Lekin unga rostini ham qanday aytaman?! Bilsangiz, bu juda og‘ir bo‘larkan. Uzoq yillar “Men shoirman”, deb nabiralarimga baralla ayta olmadim. O‘ksib, o‘ksinib yashadim. Hech kim davrasiga taklif qilmay qo‘ydi. Bir zamonlar bo‘ldi: ko‘pchilik ijodkorlardan o‘zini olib qochdi. Bu kunlarni hech bir ijodkor ukamga tilamayman”, degandi o‘shanda alam bilan shoir.
Yo‘ldosh Eshbek bugun emin-erkin ijod qilmoqda. Jo‘shib she’rlar o‘qimoqda. Davralarda qo‘r to‘kib o‘tiribdi. Shoir intervyularidan birida “XX asr meni tan olmadi, lekin XXI asrga rahmat!” degani e’tiborga molik.
Yaqinda atoqli shoirimizga Prezidentimiz 3 xonali uy sovg‘a qildi. Davrlarning farqini ko‘ryapsizmi?!
IV
2016-yil noyabr oyi edi. Kuni esimda yo‘q. Ziyolilar O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov bilan vidolashish va marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun yig‘ilgan.
O‘sha kunlarda Prezidentlikka saylovlar kechayotgan o‘ta dolzarb palla edi. Vidolashuv marosimida yig‘ilgan ko‘pchilik tig‘iz davr bo‘lishiga qaramay, Shavkat Mirziyoyevning vaqt topib, shoirni so‘nggi manzilga kuzatishga kelganini va marhum ustoz shoirning mayitini AQSHdan olib kelishga shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lganini aytardi. Ijodkorlar davlatimiz rahbari haqida boshqacha samimiyat bilan so‘zlar, xuddi “o‘zining odami”dek qabul qilardi. Harqalay men o‘sha kungi suhbatlarda shuni yurakdan his qilganman.
Taomilga ko‘ra, dastlab ustoz shoirning uyiga kirib, yaqinlaridan ko‘ngil so‘rab, sabr tilagan bo‘ldik. Odam ko‘pligi uchun uydan to vidolashuv manziligacha yo‘lakdan ikki-uch qator bo‘lib yurish lozim edi. Qarasam, yonginamda buyuk hofiz Sherali Jo‘rayev yurib boryapti. Hammamiz kabi g‘amga cho‘mgan, kayfiyatsiz va chehrasi so‘lg‘in edi. Darvozaning ro‘parasida davlatimiz rahbari turgan edi. Marhumning xonadonidan chiqib, “Do‘rmon” ijod uyiga qarab yo‘naldik. Mendan oldinroqda buyuk hofiz horg‘in yurib borardi.
Chamasi 20 qadam yurganidan keyin Sherali Jo‘rayev birdan orqaga — Prezidentimizga qaradi. Bu umidvor nigoh ko‘z oldimda manguga muhrlanib qolgan. Aniq esimda — hofizning nigohida yorug‘ kunlar kelganidan umidvorlik, o‘zi kutgan yoqimli xabarga entikish bor edi. Uzoq yillik taqiqdan horigan, katta sahnalarni sog‘ingan va muxlislar olqishining xumori tutgan g‘amgin nigoh edi u...
Hofiz o‘zi kuylaganidek, “Zamon, zamon, bizning zamon, davron bizniki”, deyayotgandek edi bu nigohlar...
Oradan bir oz muddat o‘tib, Sherali Jo‘rayev katta sahnaga qaytdi. Hofiz 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” va 2022-yilda esa “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.
Ha, Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlikka saylanishi juda ko‘p insonlarga, o‘z vaqtida har xil vajlar bilan norasmiy taqiq qo‘yilgan yuzlab iste’dod egalariga umid va hayot baxsh etgani rost. Bu umidlar tez ro‘yobga chiqdi. 2017-yildan keyingi davrda norasmiy taqiqda bo‘lgan va jamiyat e’tiboridan chetda qolgan qanchadan-qancha shunday iste’dod egalari sahnalarga, teleefirlarga va ijodga qaytdi.
* * *
Bular — o‘zim bevosita guvoh bo‘lgan jarayonlar. Ushbu voqeliklar yurtimizda ijod erkinligi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagani, “osmondan chalpakdek yog‘ilgan” hodisa emasligini, bugungi kunlarga ayovsiz kurashlar bilan yetib kelganimizni yorqinroq ifodalaydi.
Jamiyatni o‘zgartirgan islohotlar
O‘zbekistonda ijod erkinligi uchun yaratilgan sharoitlar Prezidentimizning nafaqat xalqparvar siyosati, balki shaxsiyati bilan ham bog‘liq. Davlatimiz yetakchisi madaniyat, san’at va adabiyotning chinakam muxlisi ekanini ko‘p bora ta’kidlagan. U hali hududlarda ishlagan kezlardayoq ko‘p xayrli ishlari ovoza bo‘lgan. Masalan, Jizzax viloyatida ishlagan davrida — 1997-yili Zomin respublika yosh ijodkorlar seminariga asos solgan. Menga ham mana shu tarixiy seminarda ishtirok etish baxti nasib etgan. O‘shanda Prezidentimizning ustoz ijodkorlar bilan samimiy muloqotiga, adabiyotga va ijodga yuksak mehriga guvoh bo‘lganmiz.
Birgina shu seminar orqali yuzlab iste’dod egalari kashf etildi va katta adabiyotga qadam qo‘ydi. Shuning o‘ziyoq o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shilgan bemisl hissadir!
2017-yildan keyin O‘zbekistonda davlat boshqaruvida yangi bosqich boshlandi. Bu bosqichning eng muhim xususiyati jamiyatni ochish, davlat va fuqaro o‘rtasida muloqotni kuchaytirish va ijtimoiy fikrga nisbatan munosabatni o‘zgartirish bo‘ldi. Bu siyosat ijod erkinligiga bevosita ta’sir qildi. Chunki jamoatchilik muhokamalari kengaydi, ijodiy imkoniyatlar ortib bordi.
Mamlakatimiz yetakchisining 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida kun tartibidagi dolzarb masalalar va muammolar ochiq-oydin muhokama qilindi. Madaniyat, san’at va adabiyotni rivojlantirishga doir ustuvor vazifalar belgilanib, ijodkorlarni ham ma’nan, ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga doir qator tashabbuslar ilgari surildi. Davlat ijod va ijodkorlar uchun doimiy g‘amxo‘rlikni, jamiyatda ijod erkinligini ta’minlashni o‘z zimmasiga oldi. Shu asosda yangi Ўзбекiсtoнda ijod erkinligi uchun — yozuvchilar, jurnalistlar, blogerlar, san’atkorlar va mustaqil tadqiqotchilar faoliyati uchun yangi institutsional va huquqiy muhit shakllana boshladi.
2017-yildan keyingi davrda madaniy-ma’rifiy sohani isloh qilish, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy fikr erkinligini kengaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rildi. Bu jarayon “inson qadri”, “ochiqlik”, “adolatli jamiyat” va “erkin fuqarolik muhiti” kabi g‘oyalar bilan uzviy bog‘landi.
Ijodkorlar uchun moddiy va institutsional qo‘llab-quvvatlov ham muhim. Shu maqsadda adabiyot, teatr, kino, musiqa va tasviriy san’at sohalarida turli grantlar, tanlovlar va ijodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ijodiy tashkilotlar faoliyatiga har jihatdan ko‘mak berilmoqda. “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi” va “Ilhom” jamoat fondining tashkil etilishi ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgan.
Madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan kuni kecha o‘tkazilgan uchrashuvda ham bu borada yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijiy madaniyat va san’at muassasalarida ta’lim olishga yuboriladi. Yosh iste’dod egalarini aniqlash, prodyuserlik taшабbuсlariнi qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi tashkil etilib, unga yiliga 200 milliard so‘m ajratiladi.
Ijod erkinligini ta’minlashning muhim omillaridan biri ta’lim va intellektual muhitni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bo‘ldi. Ayni vaqtda yurtimizdagi 326 ta musiqa va san’at, 29 ta ixtisoslashgan maktabda 95 ming o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda. Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatining kengайishi mamlakatda мuсtaqil fikrlaydigan, tahlil qila oladigan va ijodiy yondashuvga ega yangi intellektual avlodni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ijod maktablari orqali yoshlarda badiiy tafakkur va mustaqil fikrlashni rivojlantirish maqsad qilindi.
* * *
Yangi O‘zbekistonda ijod erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar mamlakatning demokratik taraqqiyoti va ma’naviy yuksalishida muhim o‘rin tutmoqda. Bu jarayonda davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va madaniy sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari muhim omil bo‘layotir.
Prezidentimiz boshqaruvining muhim xususiyati shundaki, davlat siyosatida inson manfaati va ma’naviy taraqqiyot o‘rtasidagi uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi faqat iqtisodiy modernizatsiya emas, balki erkin fikrlaydigan, ijod qiladigan va jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan shaxsni shakllantirish konsepsiyasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ijod erkinligi doimiy ravishda takomillashuvni talab qiladigan dinamik jarayon ekanini e’tiborga olsak, kelgusida mazkur islohotlarning samaradorligi huquqiy davlatchilik, fuqarolik jamiyati va intellektual muhit rivoji bilan yanada mustahkamlanishi shubhasiz.
Shuhrat ORIPOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi