Xayrli tashabbuslar davomiy bo‘lsin
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan xayrli tashabbuslar Buxoro tumanida ham izchil davom etmoqda.
Dasturning “Salomatlik sari” aksiyasi doirasida tumandagi “Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 6-son oilaviy poliklinikada bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda mahalliy aholi vakillari bilan bir qatorda Xumin, Foshun va boshqa mahallalardan kelgan fuqarolar ham ishtirok etdi. Qariyb 100 nafar turli yoshdagi insonlar malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga aniq tashxislar qo‘yildi va zarur muolajalar tavsiya etildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan tibbiyot ko‘rgazmasida shifobaxsh o‘simliklar va turli dori-darmon namunalari ham namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan ularning qo‘llanilishi, foydasi va ehtiyot choralari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Bu esa ishtirokchilarning tibbiy madaniyatini oshirishga xizmat qildi.

Shu kuni “Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida uyda davolanayotgan 1-guruh nogironi Qahramon Jalolov xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar olindi. Shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, davolanish jarayoni bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Unga dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari topshirilib, zarur hollarda tibbiyot muassasasida davolanish uchun yo‘llanma ajratildi.

“Xalq bilan birga” dasturining yana bir muhim yo‘nalishi bu aholi bilan bevosita muloqotni ta’minlash maqsadida mahallada sayyor qabul o‘tkazilishi bo‘ldi. Unda deputatlar, mahalliy kengash a’zolari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Yuzma-yuz muloqotlar chog‘ida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan masalalarni ochiq bayon qildi.

Jumladan, Jonbobo qishlog‘ida elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar, Xo‘jarobot hududida yo‘l harakati xavfsizligiga oid kamchiliklar hamda Xumin mahallasidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash masalalari ko‘tarildi. Barcha murojaatlar mas’ullar tomonidan nazoratga olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Yoshlar bilan muloqot esa tadbirlarning eng mazmunli qismlaridan biri bo‘ldi. Buxoro tumanidagi 30-sonli umumta’lim maktabi bitiruvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ularning orzu-intilishlari, kelajak rejalari va muammolari tinglandi. Ayniqsa, oliy ta’limga kirish, kasb tanlash, bandlik va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, “Kreativ tadbirkor yoshlar”, “Xavfsiz migratsiya”, “Yosh fermerlar tajriba maktabi” hamda “IT va sun’iy intellekt yetakchilari” kabi loyihalarning mazmun-mohiyati yoshlarga tushuntirildi. Bu esa ularda o‘z kelajagini aniq rejalashtirish va faol pozitsiya egallashga bo‘lgan ishonchni kuchaytirdi.
Tadbir yakunida maktab bitiruvchisi, respublika fan olimpiadasi g‘olibi va oltin medal sohibi Shohjahon Qobilov alohida e’tirof etildi. Uning yutuqlari yoshlar uchun ibrat namunasi sifatida ko‘rsatildi.
“Xalq bilan birga” dasturi doirasida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar aholi salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy muammolarga yechim topish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.