Toshkentda jurnalistlarning raqamli xavfsizligiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi
Toshkent shahrida “Raqamli davrda jurnalist xavfsizligi: onlayn, oflayn va huquqiy jihatdan himoyalanish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Shveysariya hamkorlik tashkiloti, UNESCO hamda Prezident administratsiyasi huzuridagi Kontent tayyorlash markazi hamkorligida mahalliy jurnalistlar uchun tashkil etilgan tadbirda zamonaviy raqamli muhitda xavfsiz ishlash, axborot xavfsizligini ta’minlash, shaxsiy ma’lumotni himoya qilish va huquqiy mexanizmdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
UNESCO tuzilmasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi kommunikatsiya va axborot bo‘limi boshlig‘i Bahrom Rajabov ushbu dastur doirasida uch asosiy yo‘nalish – ifoda erkinligi, axborot olish va jurnalist xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
– Zamonaviy dunyoda jurnalistika xavfsizlik yetarli ta’minlanmagan kasblardan biriga aylandi, – dedi mulozim. – Ayrim mamlakatlarda davom etayotgan nizolar tufayli jurnalistlar kasb faoliyatini amalga oshirishda turli to‘siqlarga uchramoqda. Afsuski, tinch hududlarda ham hamkasblarimizga nisbatan turli bosim va tahdidlar kuzatilishi sir emas. Ushbu mashg‘ulotdan ko‘zlangan maqsad jurnalistlarga faoliyati davomida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zarur bo‘ladigan tamoyillar haqida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida ma’lumot berishdan iborat.
Seminar tinglovchilaridan biri, “Sevimli TV” telekanali “Zamon” axborot dasturi muxbiri Saidakbar Mo‘minov ham mavzu juda dolzarbligini qayd etdi:
– Ba’zan tanqidiy yoki tahliliy material tayyorlash jarayonida jurnalistga bosim bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Bu holat jahon matbuotida ham kuzatiladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda raqamli xatar ham kuchaygan. Bugungi jurnalist ijtimoiy tarmoqda faol, shaxsiy sahifa yuritadi. Ayni shu jihat xakerlik hujumi yoki ma’lumot sizib chiqishi xavfini oshiradi. Umuman, kasb faoliyatimizda bu muammo yaqqol seziladi.
Seminar davomida ishtirokchilarga amaliy mashg‘ulot ham o‘tilib, ekspert tavsiyasi orqali raqamli va huquqiy tahdiddan himoyalanish bo‘yicha zarur ko‘nikma berildi.
Dilshod Hakimov, O‘zA