Xavfsizlik madaniyati dolzarb masala
Sherobod tumanida Surxondaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman bo‘limi hamkorligida mahalla fuqarolar yig‘ini raislari uchun favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman bo‘limi rahbari O.Ostanaqulov, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik O.Amanov mamlakatimizda mahalla fuqarolar yig‘inida tinch, obod turmushni ta’minlash, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.

Prezidentimizning 2025-yil 20-oktabrdagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ular oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan samarali davlat tizimi shakllantirildi. Soha faoliyatini tartibga soluvchi mustahkam me’yoriy-huquqiy asos yaratildi. Tabiiy, texnogen hamda ekologik tusdagi xavf-xatarlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish, ularni oldindan baholash, kuzatish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashgan muassasalar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlashning zamonaviy tizimi joriy etilib, zilzilalar, xavfli gidrometeorologik hodisalar, ekzogen geologik jarayonlar hamda texnogen avariya va halokatlar ehtimolini kompleks tahlil qilish, ularning yuzaga kelish xavfini barvaqt aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Seminarda aholi xonadonlarida xavfsizlik madaniyatiga rioya etmasdan nosoz, muddati o‘tgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanishning oqibatlari, mahallalarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish xususida ham fikr almashildi.
Favqulodda vaziyatlar, ya’ni zilzila, yong‘in va boshqalarda vahimaga tushmasdan, tezkor va aniq harakat qilish, darhol xavfsiz joyni egallash, favqulodda vaziyat tugagach binodan evakuatsiya qilish va jabrlanganlarga yordam berish kabi holatlar bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.

Tadbir doirasida seminar tashkilotchilari mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahalla raislari hamda aholiga O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti tomonidan zilzila va boshqa favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tayyorlangan qo‘llanmalarni tarqatdi. Shuningdek, eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun surdo tarjimon ishtirokida yaratilgan videoqo‘llanmalar ham taqdim etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri