Buxoroga Yevropa va Eron tajribasi kirib kelmoqda
Bugungi kunda Buxoro viloyatida investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va mahalliy sharoitga moslashtirish orqali yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Eronning qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SamArian” kompaniyasi ta’sischi-bosh muhandisi Tahaddosiy Mahdi Muhammad hamda Gollandiyaning urug‘chilik va ko‘chatchilik sohasida faoliyat yurituvchi “Gold BV” kompaniyasi rahbari Van Der Ven bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Eronlik mutaxassis Tahaddosiy Mahdi Muhammad tomonidan Buxoro viloyatida qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ishlab chiqarish, ularni mahalliylashtirish hamda fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish bo‘yicha istiqbolli biznes-rejalar taqdim etildi. Loyihada agrar tarmoq ehtiyojlariga mos, zamonaviy va iqtisodiy samarador texnikalar ishlab chiqarish nazarda tutilgan.

Viloyat hokimi Botir Zaripov mazkur tashabbuslarni yuqori baholar ekan, Buxoroda Eron tajribasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilishga to‘liq tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, u Eronning agrar sohadagi boy tajribasini hisobga olgan holda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, mahsulotlarni qayta ishlash hamda eksport-import yo‘nalishlarida ham hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligini ta’kidladi.
Gollandiyalik tadbirkor Van Der Ven bilan bo‘lib o‘tgan muloqot ham amaliy ahamiyati bilan ajralib turdi. Suhbat jarayonida Buxoroda Gollandiya texnologiyalari asosida eksportbop gulchilikni rivojlantirish, yuqori hosildor kartoshka navlarini yetishtirish hamda urug‘chilik sohasida hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumki, Gollandiya dunyoda gulchilik va urug‘chilik sohasida yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. U yerda qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar qisqa maydondan yuqori hosil olish, mahsulot sifati va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Ana shu ilg‘or tajribani Buxoro sharoitida tatbiq etish esa viloyat agrar tarmog‘ining raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvlar davomida xorijiy investorlar Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyati, qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi. Tomonlar istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.
Buxoroda Eron va Gollandiya kompaniyalari bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar nafaqat investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, balki viloyat qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Agar mazkur loyihalar hayotga tatbiq etilsa, Buxoro yaqin yillarda qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish, zamonaviy urug‘chilik, kartoshkachilik va gulchilik sohalarida mamlakatning yetakchi hududlaridan biriga aylanishi mumkin. Eng muhimi, bu hamkorliklar yangi ish o‘rinlari, yuqori daromad va eksport hajmining o‘sishi orqali aholi farovonligiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri