Xavfsiz turizm yo‘lidagi yangi qadam
Bugungi kunda mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylantirish, yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini butun dunyoga keng targ‘ib etish va eng muhimi, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda turizm sohasini rivojlantirish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, shahar infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar doirasida Buxoro shahrida ham xavfsiz turizm tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Buxoro shahrining tarixiy qismi hududiga kirishni nazorat qilish tizimlari majmuasi”ni joriy etish ishlari boshlandi.
Loyihani amalga oshirish jarayonida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida tarixiy shahar hududida mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini mustahkamlash, ommaviy tadbirlar davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish hamda zarurat tug‘ilganda transport vositalari harakatini vaqtincha tartibga solish maqsadida eski shahar qismida 20 ta muhim nuqta belgilab olindi.
Ushbu nuqtalarga zamonaviy “taranga qarshi moslama”larni o‘rnatish yuzasidan Buxoro viloyati hokimligi, viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, sohada ko‘p yillik tajribaga ega loyiha instituti va tegishli tashkilotlar hamkorligida texnik takliflar ishlab chiqildi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov mazkur loyihaning “Intelligence System” MJCH tomonidan ishlab chiqilgan taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish orqali tarixiy markazdagi infratuzilmaning uzluksiz ishlashini ta’minlash, qurilish ishlari vaqtida tirbandliklarni kamaytirish va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Belgilangan rejaga muvofiq, loyihaning birinchi bosqichida tarixiy hududning eng serqatnov besh nuqtasida xavfsizlik tizimlari o‘rnatiladi. Jumladan, “Xo‘ja Nurobod” (6-maktab), “Samarqand” (1-son oilaviy poliklinika), “Afrosiyob” (Ark qal’asi), Bahouddin Naqshband ko‘chasi (shahar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati binosi oldi) hamda “Somoniylar istirohat bog‘i”ga kirish yo‘lagida zamonaviy himoya moslamalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bu kabi intellektual xavfsizlik tizimlari nafaqat ehtimoliy tahdidlarning oldini olish, balki sayyohlarning erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, favqulodda holatlarda tezkor chora ko‘rish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Buxoroning betakror tarixiy qiyofasi va madaniy merosi saqlangan holda uning zamonaviy “aqlli shahar” tamoyillari asosida rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.

Taqdimot yakunida viloyat rahbari mas’ullarga moslamalar o‘rnatiladigan hududlarning topografik chizmalarini tayyorlash, loyihaning samaradorligini yanada oshirish maqsadida maxsus ishchi guruh tashkil etish hamda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi ilg‘or tajribani o‘rganib, uni Buxoro sharoitiga moslashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda turizmni yangi bosqichga olib chiqish, tarixiy shaharlarning jahon andozalariga mos infratuzilmasini shakllantirish va sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Buxoroda joriy etilayotgan ushbu zamonaviy xavfsizlik tizimi nafaqat yurtimizga tashrif buyuruvchi millionlab sayyohlarning xotirjamligiga xizmat qiladi, balki muqaddas va qadimiy Buxoroning xalqaro turizm xaritasidagi nufuzini yanada yuksaltirish, uni dunyoning eng xavfsiz va eng jozibador tarixiy shaharlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib qoladi.
Zarif Komilov, O‘zA