Ichki yo‘llar ravon bo‘ldi
Sirdaryo viloyatiningGuliston tumanidagi “Birlashgan” mahallasida umumiy uzunligi 6,5 kilometr bo‘lgan 8 ta ichki ko‘cha qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan asfalt qilindi.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Ushbu loyiha doirasida Guliston tumanining og‘ir toifadagi mahallalaridan biri hisoblangan “Birlashgan” mahallasida transport infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish hamda ichki yo‘llar holatini tubdan yaxshilashga qaratilgan ishlar bajarildi. Natijada mahallaning 8 ta ichki ko‘chasi zamonaviy asfalt qoplamasi bilan ta’minlandi.

Yangilangan yo‘llar aholining xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlash, transport qatnovini yengillashtirish, tez tibbiy yordam, yong‘in-qutqaruv hamda kommunal xizmatlarning manzilga tezkor yetib borishi uchun zarur sharoit yaratdi. Shuningdek, yomg‘irli kunlardagi loy, yoz faslidagi chang kabi noqulayliklar bartaraf etildi.

“Birlashgan” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Faxriddin Alimqulovning ta’kidlashicha, mazkur loyiha mahallada ko‘p yillar davomida aholini qiynab kelgan muammoni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
— Ilgari yog‘ingarchilik kunlari ichki ko‘chalardan yurish ancha mushkul edi. Endi esa asfalt qoplamasi yotqizilib, yilning barcha fasllarida erkin va xavfsiz harakatlanish imkoniyati yaratildi. Bu mahallamizning yanada obod bo‘lishi va aholiga munosib turmush sharoitini ta’minlashga xizmat qilmoqda, — deydi u.
Mahalla aholisi ham amalga oshirilgan ishlardan mamnun. Ularning ta’kidlashicha, yangi yo‘llar nafaqat transport harakatini yengillashtirdi, balki farzandlarning maktabga, fuqarolarning ish joylari va boshqa manzillarga xavfsiz qatnab kelishlari uchun ham qulaylik yaratdi.

Eng muhimi, Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilgan mazkur qurilish va bunyodkorlik ishlari aholi turmush sifatini yuksaltirish, mahallalar infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda hududlarni barqaror rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy samarasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA