Xavflarni boshqarish va bojxona auditiga xalqaro ekspertlar jalb qilinadi
Bojxona qo‘mitasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Bojxona qo‘mitasi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mo‘minov, Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze hamda jamg‘armaning Davlat soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Georgiy Kandelaki ishtirok etdi.
Muloqot davomida Bojxona qo‘mitasi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, sohaga ilg‘or xalqaro tajriba va ekspertlik ko‘magini keng joriy etish, zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq qilish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda amaliy loyihalar ko‘lamini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida Bojxona qo‘mitasi faoliyatiga xalqaro ekspertni maslahatchi sifatida jalb etish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi. XVJ vakillari mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etayotganini va yaqin vaqt ichida ijobiy natijalarga erishilishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, texnik ko‘mak dasturlari doirasida xavflarni boshqarish tizimi, bojxona auditi hamda bojxona laboratoriyalari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qisqa muddatli xalqaro ekspertlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. XVJ tomonidan ushbu sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni joriy yil iyul oyi oxiriga qadar jalb etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytildi.
Ta’kidlanganidek, xalqaro ekspertlar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar bojxona nazorati samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, bojxona tizimida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etish va sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur hamkorlik mamlakat bojxona tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, uning ochiqligi va samaradorligini oshirish hamda tashqi savdo jarayonlarini yanada soddalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA