O‘zbekiston va Malayziya halol sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) vakillari bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida O‘zbekistondagi milliy halol sertifikatlashtirish idorasini JAKIM reyestriga kiritish jarayonlarini jadallashtirish, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro tajribani keng joriy etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda JAKIMning halol sertifikatlashtirish sohasidagi ko‘p yillik tajribasi va xalqaro faoliyati haqida ma’lumot almashildi. Qayd etilganidek, mazkur tashkilot muvofiqlikni baholovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni tan olish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi hisoblanadi.
Tomonlar milliy halol sertifikatlashtirish idorasining JAKIM reyestriga kiritilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bu o‘z navbatida milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda tan olinishi, eksport geografiyasining kengayishi, tashqi savdo jarayonlarining soddalashishi hamda vaqt va xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan ishlab chiqilgan standartlarni amaliyotga joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur standartlar mahsulotlarning xomashyodan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda islom shariati talablari hamda sanitariya-gigiyena me’yorlariga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, Malayziya tomoniga mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro standartlarni joriy etish hamda zamonaviy baholash mexanizmlarini tatbiq qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, milliy halol sertifikatlashtirish tizimining xalqaro darajada tan olinishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar eshigini ochib, mamlakatning halol mahsulotlar eksportini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida Malayziya tomoni O‘zbekiston bilan halol sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA