Xalqlar do‘stligi festivali
Nukus shahridagi “Eli obod” mahalla fuqarolar yig‘inida “O‘zbekiston – ko‘p millatli, bag‘rikeng o‘lka” shiori ostida do‘stlik va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi.
Hududdagi 34-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ishtirokida o‘tkazilgan madaniy tadbir mamlakatimizda insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida olib borilayotgan demokratik islohotlarning o‘ziga xos ko‘zgusi ekanligi qayd etildi.

“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan festival doirasida “Sog‘lom avlod tarbiyasida millatlararo totuvlikning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar, “Milliy va diniy bag‘rikenglik – barqarorlik omili” nomli ko‘rgazma, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlik” nomli konsert, “Urf- odat va qadriyatlar – millat ko‘zgusi” shiori ostida turli millatlarning betakror madaniyati, san’ati, urf-odatlari, an’analarini aks ettiruvchi qardosh xalqlar rassomlarining asarlari va fotolar, hunarmandchilik namunalari hamda qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlari asarlari hamda “Milliy qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi liboslar” ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Tadbirda faol ishtirok yetgan yoshlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri