"Mahorat maktabi"da bo‘lg‘usi jurnalistlar saboq oladi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi qoshida 2022-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Mahorat maktabi”ga tinglovchilar qabuli boshlandi.
Maktabning asosiy maqsadi – yosh ijodkorni nazariy bilimdan amaliy ko‘nikma sari yetaklash. Tinglovchilar maktabda axborotni izlash va saralash, voqeani kuzatish, faktni tekshirish, jurnalistik matn tayyorlash va voqelikni xolis yoritish sirlarini o‘rganadilar.
[gallery-31403]
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif yosh ijodkorlar uchun mahorat sabog‘ini o‘tdi. Muloqotda jurnalistika kasbiga bugungi talab, axborot bilan ishlash madaniyati, ijodiy yondashuv va kasbiy mas’uliyat xususida fikr almashildi.
Bugun axborot oqimi jadal yangilanayotgan bir paytda jurnalistdan tezkorlik bilan birga bilim, tahlil, savodxonlik va yuksak mas’uliyat ham talab etiladi. Shu ma’noda “Mahorat maktabi” ustoz va shogirdni, nazariya va amaliyotni bog‘laydigan muhim ijodiy maydondir.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga yangi qabul qilinganlarga a’zolik guvohnomasi va ko‘krak belgilari topshirildi.
Zero, bu maktabda berilgan har bir saboq ertaga xalq dardi va quvonchini xolis ifodalaydigan yangi jurnalistikamiz safini munosib yosh kadrlar bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari