Xalqaro ta’lim eshiklari ochilmoqda
Jizzax viloyatining Forish tumanida bitiruvchi yoshlarning zamonaviy ta’limga qiziqishini oshirish, ularni xalqaro standartlar asosidagi agrar ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida AQSH ning Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti (IAU) mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda Oqtom, Egizbuloq va Nurak mahallalarida yashovchi o‘quvchi-yoshlar, ta’lim sohasi vakillari hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
Tadbirni Forish tumani hokimi o‘rinbosari Elnora Ummatova hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Gavhar Berkinova ochib, bugun mamlakat taraqqiyoti bilimli, tashabbuskor va zamon bilan hamnafas yoshlar qo‘lida ekanini ta’kidlashdi. Qayd etilganidek, Yangi O‘zbekistonda yoshlarni xalqaro ta’lim muhitiga olib chiqish, ularning ilmiy salohiyati va raqobatbardoshligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Uchrashuvda AQSH lik professor doktor Greys Masupa, universitet prorektori doktor Abdulla Primov, magistratura va ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i doktor Baxtiyorjon Abdusattorov hamda forishlik faol talaba Sarvar Boliqulov ishtirok etib, yoshlarga agrar sohadagi zamonaviy ta’lim tendensiyalari, xalqaro grant dasturlari, akademik mobillik va kelgusidagi karera imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Alohida ta’kidlanganidek, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-maydagi “Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Britaniyaning nufuzli “Royal Agricultural University” bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Universitetda “Aqlli qishloq xo‘jaligi”, agrologistika, agroiqtisodiyot, biotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi yo‘nalishlarda ingliz tilida ta’lim berilishi, xorijlik professorlar jalb etilgani yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqot davomida mamlakatimizda agrar sohani ilmiy-innovatsion asosda rivojlantirishga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Prezident tashabbusi bilan agrar ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, sohada xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Bu jarayonlar yoshlarga nafaqat sifatli ta’lim, balki global mehnat bozorida munosib o‘rin egallash imkoniyatini ham yaratmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan 300 ga yaqin bitiruvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, xorijiy ta’lim tizimi, qabul jarayonlari va grant imkoniyatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, qishloq joylarda yashayotgan iqtidorli yoshlarning xalqaro ta’limga keng jalb etilayotgani ularning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Zero, yurt taraqqiyotini ilmli, zamonaviy bilim va texnologiyalarni puxta egallagan yoshlar belgilaydi. Forishda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv esa ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri