Xalqaro mehnat tashkiloti bilan chiqindilarni boshqarishda yangi yo‘nalishlar belgilanmoqda
O‘zbekistonda chiqindilarni samarali boshqarish, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov amaliy tashrif doirasida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Sektor siyosati departamentining qazib olish sanoati, energetika va ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Kasper Edmonds hamda XMTning ustuvor harakatlar dasturi direktori doktor Mustafo Kamal Guye bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida chiqindilarni boshqarish, yashil va sirkulyar iqtisodiyot yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar sohada yangi yashil ish o‘rinlarini yaratish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda yoshlarni aylanma iqtisodiyot sohasiga keng jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, xalqaro hamkorlikning kengayishi nafaqat ekologik muammolarni hal etish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ham muhim hissa qo‘shadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA