Qarshi xalqaro aeroportida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
Qarshi xalqaro aeroportida korxona xodimlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat faoliyatida halollik va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlashga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarmoqda shaffoflikni ta’minlash hamda ehtimoliy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, fuqaro aviatsiyasi, xususan, aeroportlar tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois har bir xodim o‘z xizmat vazifasini bajarishda halollik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilishi muhim ahamiyatga ega.

Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat nazorat organlarining emas, balki har bir xodimning fuqarolik burchi va vijdon ishi ekani qayd etildi. Bu borada har qanday loqaydlik va beparvolik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bugungi kunda aeroportlarda yo‘lovchilar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratilayotgani, biroq ayrim hollarda belgilangan tartib-taomillarni chetlab o‘tishga urinishlar ham uchrab turishi ta’kidlandi. Bunday holatlarning oldini olishda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va murosasiz munosabati muhim omil ekani qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda xizmat faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar bilan tanishtirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri