Xalqaro konferensiyada hamshiralik ta’limining dolzarb yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda hamshiralik ta’limini xalqaro standartlar darajasida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ilg‘or tajribalarni joriy etish, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish va malakali kadrlar tayyorlash muhim.
12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan Hamshiralar akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish sharoitida oliy hamshiralik ta’limini rivojlantirish va transformatsiya qilish: tayyorlashning yangi modellari, professional kompetensiyalar, raqamlashtirish va hamshiraning roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Mazkur nufuzli anjumanda respublika va xalqaro miqyosdagi olimlar, professor-o‘qituvchilar, tibbiyot sohasi mutaxassislari hamda hamshiralik kasbi vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida zamonaviy hamshiralik ta’limini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, hamshiralarni tayyorlashning innovatsion va amaliyotga yo‘naltirilgan yangi modellari, professional kompetensiyalarni rivojlantirish hamda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi hamshiradan nafaqat tibbiy bilim, balki zamonaviy texnologiyalarni bilish va insonparvarlik fazilatlarini o‘zida mujassam etish ham talab etiladi.
Tadbirda sog‘liqni saqlash tizimiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, simulyatsion ta’lim, elektron platformalar hamda zamonaviy o‘quv metodikalaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya doirasida ilmiy fikr almashinuvi, istiqbolli loyihalar va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA