Xalqaro ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari Xitoyda uchrashdi
Xitoyning Urumchi shahrida Birinchi xalqaro ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va ilm-fan sohasida yangi bosqichga o‘tish maqsadida tashkil etilgan tadbirning asosiy yo‘nalishlari qatoriga turli mamlakatlar ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda tajriba almashuvini kengaytirish kiritildi.

Shuningdek, sun’iy intellekt, ekologiya, energetika va qishloq xo‘jaligi kabi strategik yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy infratuzilmadan birgalikda foydalanish hamda ilm-fan orqali global va mintaqaviy barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Tadbirda O‘zbekiston tuproqshunos olimlarining ishtiroki alohida e’tiborga sazovor bo‘lib, bu kelgusida yangi xalqaro ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda joriy etishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
Shuningdek, Xitoy qishloq xo‘jaligi universitetlari vakillari bilan samimiy muzokaralar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid kelishuvlarga erishildi.
Qayd etilganidek, mazkur uchrashuv kelgusida xalqaro ilmiy aloqalarni yanada kuchaytirish, innovatsion g‘oyalarni birgalikda rivojlantirish hamda ilmiy salohiyatni samarali uyg‘unlashtirish yo‘lida muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA