Norinda Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Yoshlar kuni munosabati bilan Namangan viloyati Norin tumanida otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida «Zakovat» intellektual o‘yini hamda zamonaviy «Yoshlar kutubxonasi»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Intellektual bellashuv yoshlarning bilim va tafakkur salohiyatini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Unda mahallalar jamoalari tarix, adabiyot, ilm-fan va madaniyatga oid savollar bo‘yicha bahslashdi. Bellashuv yakunida g‘olib jamoalar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
[gallery-30142]
Tadbirlarda tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Shu kuni tuman markazida zamonaviy «Yoshlar kutubxonasi» foydalanishga topshirildi. 2 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxonada darsliklar, ilmiy, ma’rifiy va badiiy adabiyotlar jamlangan. Maskan yoshlarning bilim olishi va izlanishlari uchun zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.
Kutubxona bir vaqtning o‘zida 20 nafardan ortiq kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, bepul Wi-Fi tarmog‘i hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA