Xalqaro hamshiralar kuni keng nishonlandi
12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan Sardoba tumanidagi “Xonzoda” tantanalar saroyida bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Unda tuman hokimi Ziyodulla Karimov, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, tajribali hamshiralar, tibbiyot faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida inson salomatligini muhofaza qilish, bemorlarga malham bo‘lishdek sharafli va o‘ta mas’uliyatli kasb egalarining jamiyatdagi o‘rni va nufuzi alohida ta’kidlandi. Hamshiralar o‘zining mehr-muruvvati, sabr-toqati va kasbiga sadoqati bilan xalq e’tirofiga sazovor bo‘lib kelayotgani qayd etildi.

Tuman hokimi Ziyodulla Karimov o‘z nutqida sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan barcha hamshiralarni kasb bayrami bilan samimiy qutlab, ularning inson hayotini asrash yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatini yuksak baholadi. Shuningdek, bugungi kunda tibbiyot sohasini rivojlantirish, tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

Bayram tadbiri davomida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan, o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan bir guruh hamshiralar va tibbiyot xodimlariga faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.


Tadbir kuy-qo‘shiqlar, musiqiy chiqishlar va samimiy tabriklarga ulanib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi, bayramona muhitga alohida fayz bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri