Xalqaro hamkorlik loyihasi viloyat taraqqiyotining yangi sahifasini ochadi
Bugun Yangi O‘zbekistonda har bir hududning rivojlanishi ilmiy yondashuv, puxta rejalashtirish va xalqaro tajriba asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar shahar va qishloqlarning qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholi uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri Buxoro viloyatida amalga oshirilib, uning natijalari hududning kelgusi o‘n yillik taraqqiyotiga mustahkam poydevor bo‘lishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Janubiy Koreyaning nufuzli “DOHWA Engineering” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda viloyatning uzoq muddatli hududiy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, Prezident tomonidan “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi maqomi berilgan G‘ijduvon va Shofirkon tumanlari uchun zamonaviy fazoviy-hududiy rejalar hamda master-rejalarni tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrda qabul qilingan “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida ro‘yobga chiqarilayotgan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” va “O‘zbekistonda yashash uchun qulay va barqaror shaharlar” dasturlarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Xalqaro tender natijalariga ko‘ra, ushbu muhim loyihani amalga oshirish huquqi shaharsozlik, muhandislik va infratuzilma sohasida katta tajribaga ega Janubiy Koreyaning “DOHWA Engineering” kompaniyasiga ishonch bilan topshirildi. Bu esa Buxoroning kelajak taraqqiyoti eng ilg‘or xalqaro yondashuvlar asosida rejalashtirilishidan dalolat beradi.
Kompaniya mutaxassislari Buxoroda bo‘lish davomida hududlarning iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy imkoniyatlarini chuqur o‘rganadi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mavjud muammolar, rivojlanish istiqbollari hamda investitsiyaviy salohiyat bo‘yicha keng qamrovli tahlillar o‘tkaziladi.
To‘plangan ma’lumotlar asosida Buxoro viloyatining kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi zamonaviy fazoviy-hududiy strategik hujjatlar ishlab chiqiladi. Ularda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, transport hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yanada jozibador etish, zamonaviy shaharsozlik tamoyillarini keng joriy qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi uchun yuqori hayot sifatini shakllantirish kabi ustuvor vazifalar o‘z aksini topadi.

Ayniqsa, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlari uchun tayyorlanadigan master-rejalar mazkur hududlarning mutlaqo yangi qiyofada rivojlanishi, zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish zonalari, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi hamda jamoat maskanlarining tizimli barpo etilishi uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda, yuksak sifat bilan amalga oshirish, barcha manfaatdor tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash va ishlarni muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashishdi.
Buxoroda amalga oshirilayotgan mazkur xalqaro hamkorlik loyihasi viloyat taraqqiyotining yangi sahifasini ochadi. Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi, Prezidentimiz belgilab bergan strategik islohotlar va mahalliy imkoniyatlarning uyg‘unlashuvi natijasida Buxoro nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoning eng zamonaviy, investitsiyaviy jozibador va yashash uchun qulay hududlaridan biriga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA