Xalqaro e’tirof: raqamlashtirish, soddalashtirish va intellektual bojxona samarasi
So‘nggi yillarda yangi O‘zbekiston bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat tashqi savdo siyosati, iqtisodiy ochiqlik, investitsiyaviy jozibadorlik va xalqaro integratsiya jarayonlarining muhim tarkibiy qismiga aylandi.
Avvallari eksport uchun hujjatlarni tayyorlash 96 soat, import uchun esa 150 soatgacha vaqt talab qilib, iqtisodiy rivojlangan davlatlar amaliyotiga nisbatan 5-6 barobar yuqori edi. Xavflarni boshqarish tizimi yetarli takomillashmagani sabab yuklarning qariyb 70 foizi jismoniy tekshiruvdan o‘tkazilar, bu esa vaqt yo‘qotish, navbatlar va sub’ektiv qarorlar xavfini oshirar edi.
Aynan shu muammolar bojxona ma’murchiligini raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun tezkor va shaffof muhit yaratish zaruratini kuchaytirdi. Natijada «Tartibli tadbirkor – adolatli bojxona» tamoyili asosida davlat va biznes o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan yangi boshqaruv modeli shakllandi.
Raqamlashtirish natijalari: intellektual bojxona sari
Xalqaro e’tirofning asosiy omili – bojxona ma’murchiligida raqamli transformatsiyaning izchil amalga oshirilayotgani. 2023-2025-yillar davomida Bojxona qo‘mitasi respublika miqyosida raqamlashtirish yo‘nalishida o‘tkazilayotgan idoralararo reyting baholash tizimida izchil ravishda 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Bu ko‘rsatkich tizimda raqamli yechimlar faqat texnik vosita sifatida emas, balki institutsional yangilanish va boshqaruv samaradorligini oshirish omili sifatida qo‘llanilayotganini tasdiqlaydi.
Bojxona organlarida 176 ta yangi dasturiy mahsulot ishlab chiqildi. Bojxona ob’ektlari 35 turdagi 19 mingtaga yaqin nazorat texnik vositalari bilan jihozlandi. Chegara postlarida 45 ta elektron tarozi, avtotransportlarning davlat raqamini avtomatik aniqlovchi 107 ta kamera va 29 ta inspeksion ko‘rik majmuasi ishga tushirildi. Natijada 2025-yilning 10 oyida 3 mlndan ortiq avtotransport va 2 mlnga yaqin temir yo‘l vagonidagi tovarlarga oid ma’lumotlar «Transport nazorati» tizimiga inson omilisiz kiritildi.

2024-yilda «Eksport uch qadam» tizimi joriy etilib, eksport jarayonidagi 9 bosqichli nazorat 3 bosqichga qisqartirildi. 2025-yil apreldan to‘liq ishga tushirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarining avtorasmiylashtiruv tizimi esa sohada muhim burilish nuqtasi bo‘ldi: bojxona jarayonlarida inson aralashuvi 75 foizga, rasmiylashtiruvga sarflangan o‘rtacha vaqt 65 foizga qisqardi.
Xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilar oqimi yillik 2,5 million nafardan 8,7 million nafarga oshgan sharoitda «Masofaviy bojxona nazorati» tizimi va 44 ta aviakompaniya bilan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi natijasida yo‘lovchilarni bojxona nazoratidan o‘tkazish vaqti 25 daqiqadan 5 daqiqagacha qisqardi. Bu bojxona nazorati samaradorligi oshgan holda xizmat ko‘rsatish tezkorligi ham ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.
«E-Tranzit» tizimining joriy etilishi ham tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun muhim qulaylik yaratdi. Elektron tranzit orqali ruxsat etiladigan hujjatlarni avtomatik taqdim etish, mantiqiy nazorat funksiyalari va tranzit jarayonlarini real vaqtda kuzatish imkoniyati ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirdi hamda chegaradagi nazorat jarayonlarini tezlashtirdi.
Iqtisodiy samara va bojxona nazorati natijadorligi
Bojxona tizimidagi islohotlar tashqi savdo hajmi, byudjet tushumlari va nazorat natijadorligida ham yaqqol aks etdi. 2020–2025-yillarda tovarlar tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga ortdi. 2025-yilda bojxona to‘lovlaridan tushum 76,2 trillion so‘mni tashkil etib, 3 barobarga oshdi. Shu bilan birga, so‘nggi to‘rt yilda bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtiruvchi xodimlar soni 40 foizga qisqargan bo‘lsa-da, rasmiylashtiruvga qadar undirilgan qo‘shimcha bojxona to‘lovlari miqdori 5,5 barobarga oshdi.
Ko‘riklar soni 20 foizga kamaygan holda ularning natijadorligi 10 barobardan ziyodga o‘sdi. Rentgen tasvirlarini tahlil qilish orqali aniqlangan huquqbuzarliklar soni 3,5 barobarga, ularning qiymati esa 2 barobarga ko‘paydi. Bu raqamlar zamonaviy texnik vositalar, ma’lumotlar tahlili va xavflarni boshqarish mexanizmlari nazoratni ommaviy tekshiruvdan maqsadli va natijador nazorat modeliga o‘tkazayotganini anglatadi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida ham sezilarli natijalarga erishildi. So‘nggi to‘rt yilda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 2 172 ta holatda 13 tonna giyohvandlik vositalari va 1,5 tonna psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston telekommunikatsiyalari tarmoqlarini boshqarish respublika markazi (UZIMEI tizimi) bilan hamkorlik natijasida mobil qurilmalarning rasmiy importi 2,5 barobarga oshdi.
Elektron tijoratning o‘sishi ham bojxona tizimi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. So‘nggi to‘rt yilda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini qabul qiluvchilar soni 3 barobarga, jo‘natmalarning umumiy soni 5 barobarga oshdi. Shu munosabat bilan elektron savdo maydonchalari orqali xarid qilinayotgan tovarlarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan «Elektron tijorat» bojxona postining tashkil etilishi zamonaviy savdo modellariga moslashishning muhim qadami bo‘ldi.
Eksportni rag‘batlantirish va importni optimallashtirish
Bojxona islohotlari nafaqat nazorat va rasmiylashtiruv samaradorligini, balki milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda. «Bojxona hududida qayta ishlash» rejimidan foydalangan tadbirkorlar soni 2020-yildagi 75 tadan 2025-yilda 458 taga, ya’ni 6 barobarga ko‘paydi. Ushbu rejim doirasida qayta ishlab eksport qilingan mahsulotlar qiymati 181 mln dollardan 1,5 mlrd dollarga, qariyb 8 barobarga oshdi va umumiy eksportda qayta ishlangan tovarlar ulushi 10 foizdan ortdi.
Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni rag‘batlantirish maqsadida 2025-yil 7-9-oktabr kunlari Toshkent shahrida «Mahalliy kontentni oshirishda importni optimallashtirish» nomli birinchi xalqaro ko‘rgazma tashkil etildi. Unda 8 200 nafardan ziyod mahalliy tadbirkorlik sub’ekti, shuningdek 37 ta davlatdan 50 dan ortiq yirik xalqaro kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazma doirasida umumiy import hajmi 18 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 3 mingdan ziyod yuqori import tovarlari haqida 24 ta tematik blok bo‘yicha manzilli ma’lumotlar taqdim etildi. Yakunlar bo‘yicha 26 ta yo‘nalishda 208 ta korxona tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirildi, tijorat banklari tomonidan 42,5 mln dollarlik 10 ta loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kredit kelishuvlari tuzildi.
Xalqaro reytinglardagi o‘sish va institutsional ochiqlik
Bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Transparency International (Korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro nodavlat tashkilot) tomonidan e’lon qilinadigan «Korrupsiyani qabul qilish indeksi»da O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yilda 25 pog‘onaga yuqorilab, 146-o‘rindan 121-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksidagi «Bojxona samaradorligi» komponenti bo‘yicha esa mamlakatimiz 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilib, 66 pog‘onalik o‘sishni qayd etdi.
BMTning Elektron hukumat rivojlanish indeksida O‘zbekiston «juda yuqori» rivojlanish darajasiga ega davlatlar qatoriga kirdi. 2024-yilgi «Ochiqlik indeksi» natijalariga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi mamlakatdagi 98 ta davlat tashkiloti orasida 5-o‘rinni egalladi. Bu ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik bilan muloqot sohasidagi tizimli ishlar xalqaro va milliy baholashlarda ham namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Xalqaro tashriflar, ekspertlik baholari va hamkorlikning yangi bosqichi
2024-2025-yillarda Bojxona qo‘mitasida faoliyatni baholash, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish, texnik yordam va grant loyihalarini muhokama qilish, shuningdek O‘zbekiston bojxona organlarining amaliy tajribasini o‘rganish maqsadida xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari, boshqa davlat organlari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlarining jami 154 ta tashrif va uchrashuvlari tashkil etildi.
Ushbu tashriflar mazmunan faqat rasmiy muloqotlar bilan cheklanmadi. 39 ta muhim uchrashuv bojxona nazorati, raqamlashtirish, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, grant loyihalari, kadrlar tayyorlash, bojxona ekspertizasi, xavflarni boshqarish va rasmiylashtiruvdan keyingi audit yo‘nalishlarini qamrab oldi. Jumladan, 16 ta tashrif xalqaro tashkilotlar, xususan Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari ishtirokida bojxona nazorati jarayonlarini raqamlashtirish va samaradorlikni baholashga qaratildi. Shuningdek, 15 ta uchrashuv ikki tomonlama aloqalar, texnik yordam va xalqaro loyihalarda hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa 8 ta ishchi uchrashuv O‘zbekiston bojxona tajribasini o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Tashriflar geografiyasi AQSH, Belarus, Gruziya, Koreya, Malayziya, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Eron va Yaponiya kabi davlatlarni qamrab oldi. Xalqaro tashkilotlar kesimida BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Jahon bojxona tashkiloti, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, YeHXT, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) bilan faol hamkorlik olib borildi.
Alohida e’tiborli jihat shundaki, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari hamda boshqa davlat organlari vakillari O‘zbekiston bojxona xizmatining raqamlashtirish sohasidagi tajribasini o‘rganish uchun tashrif buyurdilar. Bu O‘zbekiston bojxona tizimi mintaqaviy darajada tajriba almashish maydoniga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Rossiya moliya vazirligi Ilmiy-tadqiqot institutining 8 nafar eksperti, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyat va bojxona ishini tartibga solish bo‘yicha xalqaro ekspertlar tomonidan Bojxona qo‘mitasi faoliyatining samaradorligi o‘rganilib, ijobiy xulosa va tavsiyalar berilgani xalqaro ishonchning amaliy ifodasidir.
Joriy yildan boshlab Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi va Belgiya Qirolligidagi elchixonalarda bojxona masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy etilib, ushbu lavozimlarda yetuk mutaxassislar ish boshladi.
Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda joriy iyl 7-Global kinologiya forumini O‘zbekistonda o‘tkazish, qo‘shni davlatlar bilan vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha shartnomalar tuzish kabi vazifalar bojxona diplomatiyasining yangi bosqichini boshlab beradi.
O‘zbekiston bojxona tajribasining xalqaro e’tirofi tasodifiy jarayon emas, balki raqamlashtirish, institutsional islohotlar, biznes jarayonlarni soddalashtirish, xavflarni boshqarish va xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar natijasidir.
Xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston bojxona amaliyotiga qiziqishi ortib borayotgani ushbu islohotlarning xalqaro maydonda e’tirof etilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
O‘zbekiston bojxona tizimi an’anaviy ma’muriy nazorat modelidan raqamli, tahlilga asoslangan va intellektual boshqaruv modeliga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Mazkur jarayon tashqi savdo salohiyatini kengaytirish, eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va mamlakatning xalqaro iqtisodiy integratsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
G‘ayrat Nasirov,
Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari