O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kengaytiradi
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Qozog‘iston Respublikasi maorif vaziri Juldiz Suleymenova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari tomonidan olib borilayotgan samarali siyosat natijasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan, maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro aloqalar tobora mustahkamlanayotgani qayd etildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘quvchilari va pedagoglarining xalqaro fan olimpiadalari, turli forumlar hamda ilmiy-amaliy konferensiyalardagi faol ishtiroki yuqori baholandi.
Uchrashuvda kelgusida pedagoglar malakasini oshirish, ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, ta’lim sohasidagi boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur muloqot ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasidagi sheriklikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘lishini aytib o‘tdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA