“Xalq bilan birga” umummilliy dasturiga start berildi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosati, xususan, kambag‘allikka qarshi kurash, aholining muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini hayotga keng joriy etishga qaratilgan muhim tashabbusga start berdi. Bugun shu maqsadga qaratilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturining taqdimoti o‘tkazildi.
Dasturning asosiy maqsadi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan samarali islohotlarni targ‘ib qilish, aholining yordamga muhtoj qatlamiga manzilli ko‘mak ko‘rsatish, biznes va jamiyat o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlashdan iborat.

Taqdimotda ma’lum qilinganidek, ushbu dastur doirasida 2026-yil davomida 50 mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok etishi va 1,5 milliondan ziyod fuqaroga turli ko‘rinishdagi ko‘mak berish rejalashtirilgan. Dasturning “Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida uyma-uy yurish orqali 1 milliondan ortiq xonadon qamrab olinib, aholi muammolari bevosita joylarda o‘rganiladi va ularga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq rejalar shakllantiriladi. Joylarda 10 dan ortiq mobil shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan respublika bo‘ylab 200 dan ortiq sayyor qabullar o‘tkaziladi. Bunda aholining murojaatlari tinglanib, joyida masalalarga yechim topiladi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar olinadi.
Dastur davomida “Mahalla yettiligi” hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratiladi.

Shuningdek, dasturda yoshlar va xotin-qizlarni faol jalb etishga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, hududlarda davra suhbatlari, muhokamalar, ochiq muloqot, konferensiyalar va yirik aksiyalar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali aholining turli qatlamlari bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, telegram-bot orqali onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish, “Deputat bilan ochiq suhbat” onlayn platformasini ishga tushirish, “Sizning fikringiz biz uchun muhim” kabi interaktiv loyihalarni amalga oshirish orqali aholi bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yiladi. Ijtimoiy so‘rovnomalarda aholining fikr va ehtiyojlarini tezkor aniqlash, muammolarni o‘rganish hamda qaror qabul qilishda jamoatchilik fikriga tayaniladi.

Ijtimoiy yordamning turli shakllari yo‘nalishida kam ta’minlangan oilalarni oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va zarur jihozlar bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlar tomonidan otaliqqa olish, tibbiy ko‘riklar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish va kasbga o‘qitish kabi manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, “Bir oila – bir homiy”, “Yaxshilik marafoni”, “Farovon oila”, “Inson qadri ulug‘langan yurt”, “Keksalarga mehr”, “Umid”, “Bir kunda – 1000 kitob”, “Salomatlik sari” kabi o‘nlab ijtimoiy aksiya va loyihalar o‘tkaziladi.
Shuningdek, dasturda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Joylarda o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijalari asosida jamoat eshituvlari tashkil etish, deputatlik so‘rovlari yuborish, qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish orqali tizimli muammolarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Taqdimot yakunida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturiga rasmiy start berildi. Hududlar kesimida aniq vazifalar belgilab olindi, mas’ullar biriktirildi va ijro mexanizmlari tasdiqlandi. Shuningdek, dasturni samarali amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Ushbu dasturning amalga oshirilishi aholi bilan doimiy va samarali muloqot tizimi shakllanishi, joylardagi muammolar manzilli hal etilishi, shuningdek, tadbirkorlar va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA