Yoshlarning yutuqlari O‘zbekistondagi o‘zgarishlar ko‘lamini aks ettiradi
Muzaffar avlod
O‘zbekistondagi yangilanishlar shiddati jahon ahlining diqqatini o‘ziga tortib kelmoqda. Mamlakatda ulg‘ayayotgan yangi avlodning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari esa yanada kattaroq taassurot uyg‘otadi. Ta’lim va sportda Yangi O‘zbekiston yoshlarini dunyo tan olmoqda. Ular o‘z bilimi, iste’dodi va mehnati tufayli mamlakatimizning salohiyatini shunchalik yorqin namoyish etmoqdalarki, buni bir necha yil avval hatto tasavvur qilish ham qiyin edi.
Yaqindagina bo‘lib o‘tgan voqealar — shaxmat olimpiadasi va Osiyo o‘yinlaridagi zafarlar ham shundan darak beradi. Bizning yosh vatandoshlarimiz jahon miqyosida raqobat kuchayayotgan va shunchaki tabiat ato etgan iste’dodning o‘zi muvaffaqiyat uchun yetarli bo‘lmagan maydonlarda o‘zlarini ko‘rsatishdi. Buning uchun ko‘p yillar davomida shug‘ullanish, ustozlardan o‘rganish va maslahat olish, yuqori talablarga javob bera olish, eng kuchlilar qatorida bo‘lishga astoydil intilish darkor. Shunday ekan, yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati ortida oilasi, maktabi, murabbiysi, universiteti va davlatimizda yo‘lga qo‘yilgan muntazam tayyorgarlik tizimi turibdi.
Yoshlarimiz — dunyo elitasi qatorida
Bu, ayniqsa, yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Angliyalik grossmeyster va professional shaxmat sharhlovchisi Devid Xauell musobaqaning eng hal qiluvchi bahslaridan birida Nodirbek Abdusattorovning jahon eks-chempioni Din Lijen bilan o‘ynagan partiyasini kuzatar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda shunday post e’lon qildi: “Agar qachondir o‘g‘il farzand ko‘rsam, uning ismini Nodirbek qo‘yishim kerak bo‘ladi. Bu esa uning oliy darajadagi shaxmatchi bo‘lishiga kafolatdir”.
Ushbu so‘zlarning ahamiyati ularni aytgan muallifning kimligini hisobga olsak, yanada oydinlashadi. Devid Xauell 16 yoshida grossmeyster bo‘lgan. O‘shanda, 2007-yili bu unvonni olgan eng yosh britaniyalik edi. Uning eng yuqori reytingi 2712 punktga yetgan. Uch marta Buyuk Britaniya chempioni bo‘lgan va eng yirik jamoaviy turnirlarda terma jamoa a’zosi sifatida qatnashgan. So‘nggi yillarda Xauell shaxmat eksperti va sharhlovchisi bo‘lib faoliyat yuritmoqda. Ya’ni u har kuni shaxmat ustalarining o‘yinlarini kuzatadi va millionlab qiziquvchilar uchun o‘yinni professional tarzda sharhlab beradi. Shunday ekan, uning bahosi Nodirbekni juda yuqori darajadagi raqib bilan murakkab partiyani o‘ynashga qodir bo‘lgan shaxmatchi sifatida e’tirof etishidir.
Buning ustiga, o‘sha kuni O‘zbekiston birdaniga ikkita Nodirbekning qobiliyatini namoyish qildi. Nodirbek Abdusattorov Din Lijen ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev bizning jamoaga muhim ochko olib berdi. Natijada O‘zbekiston terma jamoasi eng kuchli jamoalardan birini 3:1 hisobida mag‘lub etdi.
Bu g‘alaba — tarixiy ishtirokning bir epizodi, xolos. O‘z “uyimizda” o‘tgan olimpiadada 200 dan ziyod davlatlardan kelgan 2 000 ga yaqin shaxmatchilar qatnashdi va O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi marta Olimpiya chempioni bo‘ldi. Musobaqada juda kuchli grossmeysterlar va amaldagi jahon chempioni qatnashdi. Samarqandda bu musobaqalarni 60 mingdan ziyod mahalliy va xorijiy mehmonlar bevosita kuzatib bordi, viloyatlarda esa yuz minglab vatandoshlarimiz ko‘rishdi. Millionlab muxlislar olimpiadani televideniye va internet orqali tomosha qildi.
Britaniyaning “The Guardian” nashrida O‘zbekistonning Samarqanddagi olimpiadada erishgan g‘alabasi “triumf” deb ataldi. OAVda xabar berishlaricha, musobaqa davomida O‘zbekiston terma jamoasi Hindiston, Xitoy va AQSHdan kelgan amaldagi Olimpiya chempionlarini ham mag‘lub etdi. Bunday natija turnir ko‘lamining nihoyatda kengligi sharoitida, ayniqsa, ahamiyatlidir. Negaki, ochiq birinchilikda 206 ta jamoa qatnashdi. O‘zbekiston jamoasi Hindiston, Germaniya, AQSH, Xitoy va boshqa davlatlarning terma jamoalaridan oldinda bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev chempionlarni qabul qilar ekan, ushbu g‘alabaning ahamiyatini aniq ifodaladi. “Yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi”, deya ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.
Darhaqiqat, bitta iste’dodli sportchi har qaysi mamlakatda bo‘lishi mumkin va bunga jahon sporti tarixida misollar ko‘p. Lekin bitta mashhur shaxmatchidan so‘ng boshqa kuchli o‘yinchilar chiqishi, keyin esa terma jamoalarning muvaffaqiyatlari, xalqaro maydondagi ketma-ket g‘alabalar, yuqori toifali shaxmat ustalarining shakllanishini alohida shaxslarning iste’dodi, deya izohlab bo‘lmaydi. Bunday natija ortida maktab turibdi, uning ortida esa butun bir tayyorgarlik tizimi bor. Va bu tizim o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi.
2018-yildayoq maktablarda shaxmat o‘rgatish joriy etilgan edi. Trenerlar tayyorlandi, shaxmat klublari rivojlana boshladi. Keyingi o‘n yilda 17 nafar o‘zbek shaxmatchisi xalqaro grossmeyster unvonini oldi, ulardan 5 nafari qizlar.
Keyingi vazifa O‘zbekistonni shaxmat bo‘yicha dunyo markaziga aylantirishdan iborat bo‘ldi. Har bir viloyat, tuman va mahallada iste’dodli bolalarni aniqlash, ularga kuchli murabbiylar tayinlash va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlar yaratish yo‘lga qo‘yildi. Ayollar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Samarqand, Xorazm va Farg‘onada Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining filiallarini ochish va oliy toifali trenerlar tayyorlashni takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda. “UzbekistanGrandChess” milliy brendi ostida o‘tadigan xalqaro musobaqalar muntazamlik kasb etishi lozim. Shuningdek, Yangi Toshkentda zamonaviy shaxmat saroyi qurish taklifi ham bildirildi.
Mamlakatimizda shunday muhit yaratilishi kerakki, unda iste’dodli bola birinchi mashg‘ulotdan boshlab, to xalqaro maydonlargacha bo‘lgan yo‘lni adashmay bosib o‘ta olsin.
“Euronews” reportajida qayd etilganidek, O‘zbekistonning ishtiroki 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining eng asosiy voqealaridan biri bo‘lib qoldi. Nashr .vakillari, ayniqsa, Nodirbek Abdusattorovga alohida e’tibor qaratdi. U birinchi taxtada raqib jamoalarning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi o‘ynab, birorta partiyada yutqazmadi va alohida individual oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yevropa OAVda grossmeysterning quyidagi so‘zlari iqtibos sifatida keltirildi: “O‘ylashimcha, endi biz O‘zbekiston uchun shaxmat olamida o‘ziga teng keladigani yo‘q deya olamiz”.
Shu kabi yutuqlarga vatandoshlarimiz faqatgina shaxmat taxtasi ustida erishayotganlari yo‘q. Yaqinda O‘zbekiston sport delegatsiyasi Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi. 45 davlatdan kelgan 11 mingga yaqin sportchilar qatnashgan ushbu musobaqalarda yurtdoshlarimiz 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali — jami 70 ta mukofotga sazovor bo‘ldi va umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
Bizdan oldinda — Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Hindiston. Bu davlatlar aholisi ko‘p bo‘lib, kuchli sport maktablari va sportchilar tayyorlash uchun katta imkoniyatlarga ega. O‘zbekistonning natijasi — Markaziy Osiyo mamlakatlari va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Medallar soniga ko‘ra, mamlakatimiz sport an’analari boy bo‘lgan ko‘pgina davlatlarni ham ortda qoldirdi.
Albatta, har qaysi medal ortida shaxsning hayot yo‘li turadi. Har bir chempionning o‘z shaxsiy tarixi, murabbiylari, qarindosh-urug‘lari, mashg‘ulotlar davomiyligi, fe’l-atvori bor. Lekin har xil sport turlarida muvaffaqiyatning takrorlanishi muhit o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.
Sportdagi yutuqlarni boshqa o‘zgarishlardan alohida ko‘rib chiqish noto‘g‘ri. Shaxmat, Olimpiya medallari, xalqaro ilmiy musobaqalar — bularni bitta jihat bog‘lab turadi. Ya’ni, bu sohalarda natija ancha keyin, ishlar boshlanganidan so‘ng yillar o‘tgach, namoyon bo‘ladi. Eng birinchi, bolalarcha qiziqish bilan xalqaro maydondagi g‘alaba o‘rtasida uzundan-uzun yo‘l bor. Aynan shuning uchun ham yoshlarning yutuqlari haqida so‘z ketsa, maktabni eslamay iloj yo‘q.
O‘n yillik yo‘l
Jahon tarixida aynan ta’limga tayanish millatning shiddatli taraqqiyotidagi bosh omilga aylanganiga oid misollar talaygina. Bunday holat jahon miqyosida texnologik va sanoat taraqqiyotida yetakchi davlatlardan biri bo‘lgan Janubiy Koreyada ham kuzatilgan. BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun o‘z vatanining bosib o‘tgan yo‘lini eslar ekan: “Bizning sirimiz — ta’limda” degan edi. U o‘z chiqishlarida mamlakat taraqqiyotini ta’limga kiritilgan investitsiyalar va malakali ishchi kuchini shakllantirish bilan bog‘lagani ko‘pchilikka ma’lum.
Bugun O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar natijalari haqida gap ketganda, dastlab ish nimadan boshlanganini esga olish lozim. Bundan o‘n yil oldin maktab o‘quvchisi qishloq xo‘jaligi ishlari uchun oylab darslarni qoldirishi mumkin edi. Ko‘plab bitiruvchilar uchun oliy o‘quv yurtiga kirish shunchalik qiyin vazifa ediki, attestat olishdan ancha oldin o‘qishga intilish so‘nib borardi. O‘qituvchi kasbi esa jamiyatda obro‘sini yo‘qotdi, vaholanki, u haqli ravishda mamlakatning ilg‘or qatlami bo‘lishi kerak edi.
O‘zimizga savol beraylik. O‘tgan o‘n yil ichida nimalar o‘zgardi? Maktab o‘ziga xos bo‘lmagan majburiyatlardan ozod etildi, pedagog maqomini mustahkamlash borasida izchil ishlar boshlandi, ta’lim muassasalari qurilib, modernizatsiya qilindi. Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari paydo bo‘ldi. Oliy ta’lim olish imkoniyatlari kengaydi, xususiy sektor jadal rivojlana boshladi. So‘nggi o‘n yilda mamlakatda 1,8 million o‘rinli bog‘chalar va 1,5 mln. o‘quvchi tahsil oladigan maktablar barpo etildi, 10 mingdan ortiq ta’lim muassasalari zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 205 taga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi esa 45 foizga yetdi.
2026-yilda o‘zbekistonlik yoshlar nufuzli xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qo‘lga kiritdi. Maktab davridayoq xorijiy tillar va fanlar bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni 100 ming nafarga yetdi. Maktab bitiruvchilarining qariyb 5 mingi oliy o‘quv yurtlariga kirishda eng yuqori ballni to‘pladi. “PISA” tadqiqotlarida 15 yoshli o‘zbekistonlik o‘quvchilar tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egalladi.
Bunday ko‘rsatkichlar va yutuqlar ortida bir necha yil oldin birinchi sinfga kelgan bolalar turibdi. Ularga yo‘l ko‘rsatgan va bilim olishga ruhlantirgan o‘qituvchilarning ham maqomi o‘zgarmoqda. Besh yil ichida xalqaro va milliy sertifikatlarga ega pedagoglar soni 29 mingdan 143 mingga yetdi. Maktablarda pedagogik kadrlar yetishmovchiligi uch barobar kamaydi. Bugun 40 ming o‘qituvchi 1 ming dollar miqdorida, yana 1,5 ming pedagog esa 2 ming dollardan ortiq maosh olmoqda. Albatta, moddiy tomon kasb nufuzining yagona mezoni bo‘la olmaydi. Bu kasb bilim, professionalizm, o‘z ustida doimiy ishlash va bola bilan muloqot o‘rnatish ko‘nikmasini talab qiladi. Biroq jamiyat bunday mashaqqatli mehnat munosib baholanishini kutishga haqli.
Prezidentimiz o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan qutlar ekan, o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashda ularning alohida o‘rni borligini ta’kidladi. Bilim, ma’rifat, tarbiya va madaniyat Yangi O‘zbekiston salohiyatini oshirish va kuch-qudratining eng muhim manbalaridan biri ekani qayd etildi. Bir necha yil oldin bu umumiy gapdek eshitilishi mumkin edi. Bugun esa uning ortida bir qator aniq qarorlar, qadamlar turibdi. Ta’lim mazmuni yangilanayotganda darsliklar va dasturlar o‘zgarmoqda, o‘qitish metodikalari takomillashmoqda, bilimlarni baholash tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu ishlar doirasida 110 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi malaka oshirdi. Singapurlik hamkorlar bilan birgalikda 121 master-trener va 739 murabbiy-o‘qituvchi tayyorlandi, ular keyinchalik 90 ming pedagogni o‘qitdi.
Juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Biroq bugun davlat ta’lim tizimi oldiga zamon ruhiga mos boshqacha savollarni qo‘ymoqda. Maktab qurish, uni jihozlash va o‘quvchini partaga o‘tqazishning o‘zi yetarlimi? Albatta, yo‘q. Endilikda ta’lim sifati, o‘qitish mazmuni va bitiruvchining olgan bilimlarini real hayotda qo‘llay olish qobiliyati eng asosiy masalaga aylanayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Yaqinda e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni islohotlarning hozirgi bosqichini yangi darajaga ko‘taradi. Hujjat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona — Ta’lim va ilm-fan vazirligi etib qayta tashkil etildi. Binobarin, maktabgacha ta’lim, maktab, kasbiy ta’lim, oliy maktab va ilm-fan yagona tizim sifatida qaralishi lozim. Bola ta’limning bir nechta bosqichlaridan o‘tadi va ularning har birida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, bir darajadan ikkinchisiga o‘tish esa mantiqiy va izchil bo‘lishi shart. Yangi vazirlik ta’limning barcha darajalari faoliyatini tashkillashtirish, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash, akkreditatsiya va litsenziyalashni amalga oshirish uchun javobgar bo‘ladi.
Shu bilan birga, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etilmoqda. U o‘quv dasturlari, darsliklar va metodik materiallarni ishlab chiquvchi, ularni amaliyotga joriy qiluvchi, natijalarni kuzatib boruvchi va aniqlangan kamchiliklarni hisobga olgan holda tizimni takomillashtiruvchi o‘ziga xos laboratoriyaga aylanadi. Ta’lim sifatini tushunishda muhim burilish sodir bo‘layotgani haqida gapirish mumkin. Maktabda darsliklar bor-yo‘qligi va dars o‘tilganini tekshirish oson. Biroq bola yakunda nimani o‘rganganini va bilimlarini darslikdan tashqarida qo‘llay olishi mumkinligini aniqlash ancha murakkab masala. O‘quv materiallarini yangilash aynan shunday natijalarga yo‘naltiriladi.
Farmonga izohda aytilganidek, 2027-yilgacha 1342 nomdagi darsliklar va o‘quv-metodik materiallarni tayyorlash rejalashtirilgan. Boshlang‘ich sinflar uchun darsliklar Finlyandiya ta’lim alyansi tomonidan sertifikatdan o‘tkazildi, 5 — 7-sinflar uchun matematika, fizika, kimyo va biologiya bo‘yicha o‘quv materiallari esa Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi. Ularda tanqidiy fikrlash, kommunikatsiya, hamkorlik va ijodiy yondashuvni rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ko‘proq. Kasbga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 300 dan ortiq mavzular ekologik bilimdonlikka bag‘ishlangan, moliyaviy va raqamli savodxonlik elementlari kiritilmoqda. Zamonaviy maktabda bolaga ma’lum hajmdagi ma’lumotni berishning o‘zi yetarli emas. Uni axborot bilan ishlashga, xulosa chiqarishga, qaror qabul qilish va ular uchun javobgar bo‘lishga o‘rgatish kerak. Bu o‘rinda yana o‘qituvchi birinchi o‘ringa chiqadi. Sun’iy intellekt tezda javob topadi, hisob-kitob qiladi yoki tezis shakllantiradi. Biroq tarbiya, insoniy mehr, bolani tushunish, unga qiyin pallada ko‘mak berish va unda bilimga qiziqishni uyg‘otish shunday bir jarayonki, u yerda sun’iy miya hech qachon pedagogning o‘rnini bosolmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topa olmaydi.
Islohotlar natijaga aylanmoqda
Keng ko‘lamli o‘zgarishlar kasbiy ta’lim va oliy o‘quv yurtlarida ham davom etmoqda.
Yaxshi ta’lim insonni mustaqil kasbiy hayotga tayyorlashi kerak. Iqtisodiyot uchun esa yosh mutaxassis korxonaga nafaqat diplom, balki haqiqiy ish jarayonini anglagan holda kelishi, ayniqsa, muhim.
Ana shu ehtiyojlar dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan siyosatga asos bo‘lmoqda. Uch oy avval O‘zbekistonning o‘n nafar rektori tegishli tajribani o‘rganish uchun Germaniyaga yuborildi. U yerda bitiruvchilarning 70 — 75 foizi diplom olganidan so‘ng o‘qish davrida amaliyot o‘tagan korxonalarida ishlashni davom ettiradi.
O‘zbekiston uchun bunday model alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Andijon viloyatining o‘zidayoq 11 ming talaba 2 mingta korxonada amaliyot o‘tamoqda. Uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalarining kamida 80 foizini — 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olish maqsad qilingan. 2027/2028 o‘quv yilida bu ishga 75 ta oliy o‘quv muassasasi va 3,5 mingta korxonani jalb etish rejalashtirilmoqda.
Yangi model bo‘yicha korxona, universitet va talaba o‘rtasida shartnoma tuziladi, ta’lim dasturi ish beruvchining ehtiyojlarini hisobga oladi, ish joyida esa yosh mutaxassisga malakali ustoz-murabbiy biriktiriladi. Bunday model barcha uchun manfaatli. Korxona uchun bu kerakli mutaxassisni oldindan tayyorlash, talaba uchun hali o‘qish davridayoq kasbiy ko‘nikmalarni egallash imkoniyatidir. Universitetga esa iqtisodiyotda nima sodir bo‘layotgani va qanday malakaga ega kadrga haqiqatan ham talab yuqori ekanini yaqqol anglash fursatini beradi.
Davlat, o‘z navbatida, kadrlar tayyorlash jarayonida korxonalar ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor. Bunday yondashuv, ayniqsa, muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun muhim. Zero, diplom bilan haqiqiy malaka o‘rtasidagi tafovut bu sohalarda imkon qadar kichik bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro ta’lim tizimlarining yurtimizdagi ishtirokini kengaytirmoqda. Mamlakatimizga dunyoning 300 ta yetakchi universitetini jalb etish vazifasi qo‘yilgan. Bunda muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt hamda tibbiyot yo‘nalishlariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Milliy oliy ta’lim tizimiga dunyodagi eng kuchli amaliyotlar bilan o‘zini solishtirish, talabaga esa turli ta’lim modellari orasidan tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Bunga oliy o‘quv muassasalarining yanada mustaqil bo‘lishi ham xizmat qilishi kerak. Universitetlarning joriy faoliyatiga davlat aralashuvini sezilarli darajada qisqartirish, ularning mustaqilligini kengaytirish va xususiy sektor ishtirokini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’lim sifati ko‘proq raqobat muhiti va bozor talablari orqali belgilanadi. Bunday yondashuv ayrim savollarni keltirib chiqarishi mumkin. Axir, ta’lim jamiyat uchun katta ahamiyatga ega va davlat bu jarayondan butunlay chetga chiqib keta olmaydi. Biroq o‘zgarishlar bunday maqsadni nazarda tutmayapti. Davlat umumiy qoidalarni belgilash, sifatni nazorat qilish, litsenziyalash va akkreditatsiyadan o‘tkazish, ta’limning ommabopligi va hamma uchun ochiqligini ta’minlash, strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash vazifalarini saqlab qoladi. Ayni paytda universitetlarga qaror qabul qilishda ko‘proq erkinlik beriladi va natija uchun mas’uliyat ham oshadi.
Jahon amaliyotida bunday yondashuv keng tarqalgan. Rivojlangan ta’lim tizimlarida davlat universitetlar hayotining har bir tafsilotini boshqarishga urinishlardan asta-sekin voz kechib, strategik tartibga solish va sifat nazoratini o‘z zimmasida saqlab qolgan. Oliy o‘quv muassasalariga ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, resurslarni boshqarish va rivojlanish yo‘nalishlarini tanlashda ko‘proq mustaqillik berilgan. Shu bilan birga, ular bitiruvchilarni tayyorlash sifati va ularga mehnat bozoridagi talab darajasi bo‘yicha ancha qat’iy baholana boshlangan.
Bu borada Buyuk Britaniya tajribasi, ayniqsa, ibratli. U yerda universitetlar mustaqilligining kengaytirilishi sifatni baholash, natijalar shaffofligini ta’minlash hamda oliy ta’lim muassasalarining talabalar va jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirish mexanizmlarini yaratish bilan birga olib borildi. Albatta, har bir mamlakatning o‘z ta’lim tizimi, iqtisodiyoti va an’analari bor. Biroq ta’lim tizimi qanchalik yetuklashib borgan sari uning har bir tafsilotini boshqarishga ehtiyoj shunchalik kamayib, yakuniy natija uchun mas’uliyatning ahamiyati shunchalik ortib borishiga asoslangan yondashuv alohida e’tiborga loyiq.
Agar universitet har qanday jiddiy tashabbusni yillar davomida kelishishga to‘g‘ri kelishini bilsa, u muqarrar ravishda o‘z sur’atini yo‘qotadi. Zamonaviy ta’lim dasturlarini mustaqil ravishda ochish, kuchli mutaxassislarni taklif etish, korxonalar va xorijiy universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish huquqiga ega universitet esa iqtisodiyot ehtiyojlariga tezroq javob berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Raqobat tamoyili yanada kuchaytiriladi. Bunda talaba universitetni tanlaydi, universitet esa o‘z faoliyati sifatini isbotlashi kerak bo‘ladi.
Shu ma’noda, ta’lim tizimini qayta qurish keng islohotlar mantig‘ining bir qismi hisoblanadi. Davlat tobora ko‘proq qarorlarni ular uchun mas’uliyatni bevosita o‘z zimmasiga oladigan joyning o‘zida qabul qilish uchun sharoitlarni yaratishga intilib bormoqda. Agar bugun maktab bolaga mustaqillikni o‘rgatayotgan bo‘lsa, universitetda bitiruvchi uchun ko‘proq erkinlik va mas’uliyat berilsa, bu jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi mutlaqo tabiiydir.
Ta’lim va yoshlarni tayyorlash borasidagi o‘zgarishlar mamlakat tashqarisida ham yangi avlodni shakllantirishning kengroq jarayonining bir qismi sifatida baholanayotgani e’tiborli. Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashrida bu jarayon “Mustaqillik avlodi” deb atalib, uni mustaqil O‘zbekiston bilan tengdosh bo‘lgan va mamlakatda raqamlashtirish, IT sohasi hamda yangi iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanayotgan avlod sifatida ta’riflanadi. Nashr bahosiga ko‘ra, aynan yosh o‘zbekistonliklar mamlakatning an’anaviy madaniy kodini global texnologiyalar, tadbirkorlik va kreativ industriyalar bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Ayni nuqtai nazar ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlarni anglash uchun muhim. Bu tizim ochiq, raqamli va raqobatbardosh iqtisodiyotda mehnat qila oladigan avlodni tayyorlashi kerak. Mamlakatning ochiqligi, texnologiyalarning rivojlanishi va yoshlar uchun imkoniyatlarning kengayishi bu avlod uchun tabiiy muhitning ajralmas qismiga aylanmoqda.
Yangi O‘zbekistonda islohotlar ko‘lami shu qadar kengki, hatto voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotgan odamga ham butun manzarani birdaniga qamrab olish qiyin — ulkan bunyodkorlik jarayonlarining nihoyatda ko‘p qismi bir vaqtning o‘zida kechmoqda. Maktab, universitetlar va mehnat bozori o‘zgarmoqda. Xalqaro aloqalar kengaymoqda, sport rivojlanmoqda. Mamlakatga xorijiy universitetlar va yangi ta’lim dasturlari kirib kelmoqda. Tobora ko‘proq yoshlar xalqaro musobaqalarda o‘z qobiliyatlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Bugungi demografik holatni hisobga olganda, ko‘p sonli yosh aholi mamlakat uchun ulkan ustunlikka aylanishi mumkin. Ayniqsa, ularga sifatli ta’lim olish, ishlash, rivojlanish va o‘z qobiliyatlarini namoyon qilish imkoniyati yaratilsa, bu salohiyat yanada katta ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda barcha sa’y-harakatlar aynan shu maqsadga qaratilgan. Yaqin vaqtlarga qadar mamlakatimizni ko‘pchilik, avvalo, Markaziy Osiyoning boy tarix, madaniyat va katta tabiiy resurslarga ega yirik davlati sifatida tasavvur qilar edi. Endi bu qiyofaga yana bir mazmun qo‘shilmoqda — Yangi O‘zbekiston bilim, inson kapitali, yosh avlodning qobiliyatlari va raqobat muhitini bosqichma-bosqich shakllantirishga tayanayotgan davlat sifatida tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda. Shubha yo‘qki, Devid Xauellning Nodirbek haqida aytgan so‘zlari vaqt o‘tishi bilan mutlaqo boshqacha ma’no kasb etadi — o‘zbek ismlari mamlakatimiz chegaralaridan ancha uzoqlarda ham mashhur bo‘lib boradi. Va har safar shunday ismni eshitgan odamlar hayrat va havas bilan o‘zbek yoshlariga buyuk cho‘qqilar sari yo‘l ochib bergan O‘zbekiston haqida yanada ko‘proq tasavvurga ega bo‘lishga intiladi.
So‘z aytgum xayrli saodatingga,
Salohiyat, bilim, qanoatingga,
Olam lolu hayron shijoatingga,
Senga jo‘r bo‘lgusi baxtiyor hayot,
Olg‘a yur, to‘xtma, muzaffar avlod!
Bilaman, necha ming zahmatlaring bor,
Mehnatingga arzir rag‘batlaring bor,
Muhimi, ulug‘vor maqsadlaring bor,
So‘nmas orzularing bag‘ishlar qanot,
Olg‘a yur, to‘xtama, muzaffar avlod!
Kim bunda mudraydi g‘aflat, g‘am bosib,
Yasha quvonch bilan, baxtda dil yozib,
Vorisi bo‘l ajdodlarning munosib,
Uyg‘on endi sen ham va albat uyg‘ot,
Olg‘a yur, to‘xtama, muzaffar avlod!
Yurtboshing qo‘llovi — chin ishonch yo‘li,
Baland bo‘lar doim millatning qo‘li,
Yuksal Yangi O‘zbekiston misoli,
Sendadir kelajak, sendadir najot,
Olg‘a yur, to‘xtama, muzaffar avlod!
O‘tkir RAHMAT.