Voleybol: Sirdaryoda Namangan jamoasi, Navoiyda mezbonlar g‘olib bo‘ldi
Guliston shahrida voleybol bo‘yicha U17 yosh qizlar, Navoiy shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati haqiqiy iste’dodlarni kashf etish asnosida g‘olib va sovrindor jamoalar nomini aniqlab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida sakkiz kun davom etgan shiddatli va murosasiz o‘yinlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otibgina qolmay, hududiy terma jamoa murabbiylari va O‘zbekiston voleybol federatsiyasining seleksioner mutaxassislari uchun kelgusi rejalarni belgilab olish, jamoalarning texnik-taktik imkoniyatlarini tahlil etish, mamlakat milliy terma jamoasiga iqtidorli yoshlarni tanlash imkonini berdi.

Har ikki hududda o‘tgan mamlakat birinchiliklarida 14 ta jamoaning 200 dan ziyod sportchilari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Chempionatlarning yakuniy o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Namangan viloyati voleybolchilari mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, sovrinli o‘rinlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyati jamoalariga nasib etdi.

Navoiyda 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarda Navoiy viloyati jamoasi shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi. 2- va 3-o‘rinlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Sirdaryo jamoalariga tegishli bo‘ldi.

–Chempionatlar har jihatdan ko‘tarinki ruhda kechdi. Gulistondagi musobaqalarning ko‘pgina bahslarini bevosita Sirdaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov kuzatib borgani, respublikamizning ko‘plab hududlaridan tajribali murabbiylar musobaqalarda tomoshabin sifatida qatnashgani voleybolchilarga o‘zgacha zavq va mas’uliyat yukladi. Yana bir jihatni aytishni istardimki, Sirdaryo va Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati musobaqalarning uyushqoqlikda tashkil etilishida, hududlardan kelgan jamoalarga yetarli shart-sharoitlar yaratilishida shaxsiy namuna ko‘rsatgani tahsinga loyiq bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisining o‘rinbosari Jamshid Fayziyev.

Chempionatlar yakunida g‘olib va sovrindorlar Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi va Sirdaryo viloyat hokimligi tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA