Milliy sport maydonida munosib natija
Poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy bog‘ hududida “Uzbek Ethno Games” etnosport festivali doirasida vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.
Mazkur festival sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jamoalar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash hamda milliy sport turlarini ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Musobaqa dasturidan armrestling, kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, kamondan o‘q otish hamda mas-restling sport turlari o‘rin oldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Sport vazirligi hamda boshqa respublika tashkilotlarida faoliyat yurituvchi 400 nafarga yaqin xodim ishtirok etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Mudofaa vazirligi xodimiga, 2-o‘rin Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xodimiga, 3-o‘rin Bojxona qo‘mitasi xodimiga nasib etdi.

Festival davlat tashkilotlari xodimlari o‘rtasida do‘stlik, birdamlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
N.Rahmonova,
O‘zA