“Voice up”: yoshlar fikri va tashabbuslari e’tiborda
Samarqandda “ Voice up”(Fikr ber!) xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohi boshlandi.
Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya hamda Qirg‘iz Respublikalaridan kelgan ishtirokchilar va mamlakatimiz vakillari xalqaro ekspertlarning taqdimotlarida qatnashib, dolzarb mavzular yuzasidan o‘z bilim va tajribalarini boyitmoqda.
[gallery-29865]
Bugun Samarqand shahrida joylashgan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tadbirga start berilib, ramziy bayroq ko‘tarildi va ishtirokchilar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha seminarlarni boshladi.
Xususan, tadbir doirasida bolalar kambag‘alligini qisqartirish va “ijtimoiy lift” mexanizmlari, alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv muhit yaratish, o‘smirlarni xavfli muhitdan imkoniyatlar sari yo‘naltirish, volontyorlik va jamoatchilik ishtirokining ahamiyati kabi muhim masalalarga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazilmoqda. Qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tkazilayotgan seminarlarda yoshlar faol ishtirok etib, har bir mavzuni atroflicha muhokama qilgan holda muammo yechimi uchun o‘z takliflarini bildirishmoqda.
“Voice up” oromgohi yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyatlarni kengaytirish hamda inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari