Vohidov va Madaminov “UzChess Cup 2026”da peshqadam
Umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat “UzChess Cup 2026” xalqaro turnirining 7-tur o‘yinlaridan keyin "Masters" guruhida Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov 4,5 ochko bilan g‘oliblikka asosiy da’vogarga aylandi.
Kecha poytaxtimizda davom etayotgan nufuzli musobaqaning 7-turida Shamsiddin Vohidov qora donalarda Shahriyor Mamedyarov bilan, Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Muhiddin Madaminov bilan Nodirbek Yoqubboyev Yan Nepomnyashiy bilan, Arjun Erigaisi Neymann Xans Moke bilan durang o‘ynagan vaziyatda Vidit Santosh Nikolas Teodoruni mag‘lub etdi.

Bugun, 14-iyun kuni o‘tkaziladigan 8-tur o‘yinlari ostonasida Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov 4,5 ochkoga egalik qilgan holda peshqadamlik qilmoqda. Ularni ta’qib etayotgan Nodirbek Abdusattorov hisobida esa 4 ochko mavjud.

8-turda Shamsiddin Vohidov Vidit Santoshga qarshi dona sursa, Muhiddin Madaminov Arjun Erigaisi qarshiligini yengishga harakat qiladi. Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Nikolas Teodoru bilan, Nodirbek Yoqubboyev esa oq donalarda Shahriyor Mamedyarov bilan bahslashadi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirning so‘nggi 9-tur musobaqasi ertaga 15-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA