Voha cho‘llaridan zamonaviy taraqqiyot sari
Bugun Yangi O‘zbekiston zamini global yangilanishlar va strategik islohotlarning ulkan maydoniga aylandi. Mamlakat hayotining barcha jabhalarida yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, avvalo, inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini ta’minlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish, hududlarning ichki imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish hamda aholi farovonligini izchil yuksaltirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu vazifalarni amalga oshirishda esa har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlarini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni manzilli hal etish va yangi taraqqiyot nuqtalarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, mamlakatning umumiy taraqqiyoti hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati qay darajada samarali ishga solinayotgani bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, har bir viloyat va tumanning o‘ziga xos “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, ularni harakatga keltiruvchi kuchli huquqiy-iqtisodiy mexanizmlarni yaratish bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Ana shunday ulkan salohiyatga ega hududlardan biri – Qashqadaryo viloyati. Boy tabiiy resurslari, qadimiy dehqonchilik an’analari, ishbilarmonlik muhiti, mehnatkash xalqi va eng muhimi, beqiyos inson kapitali bilan ajralib turadigan bu voha mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin egallaydi.
Qashqadaryo deganda, avvalo, mehnatkash va fidoyi insonlar, ulkan iqtisodiy imkoniyatlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti ko‘z oldimizga keladi. Ayni damda vohaning ana shu ko‘p qirrali salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlarni zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish va har bir fuqaro hayotida real o‘zgarishlarni ta’minlash yo‘lida tarixiy burilish pallasi kechmoqda.
Ayniqsa, hududda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bilan bir qatorda, aholining bandligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish kabi yo‘nalishlarning bir-biri bilan uyg‘un holda olib borilayotgani e’tiborga molik. Bu jarayonlarning barchasi bir maqsadga – Qashqadaryoni zamonaviy, raqobatbardosh, investitsiyalar uchun jozibador va aholi uchun munosib yashash hamda mehnat qilish sharoitlari yaratilgan hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 13-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan PQ-96-sonli qaror Qashqadaryo viloyati rivojida yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Qaror doirasida viloyatni rivojlantirish uchun 1,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu mablag‘ning o‘zi hudud oldiga qo‘yilgan vazifalarning ko‘lami va ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun investitsiyalar hajmini 3,5 milliard dollarga, eksportni esa 727 million AQSH dollariga yetkazish kabi aniq maqsadlar belgilab berilgan.
Bu raqamlar shunchaki iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas. Ularning ortida yangi ishlab chiqarish korxonalari, yangi ish o‘rinlari, aholi daromadlarining ortishi, yangi texnologiyalar, eksportbop mahsulotlar va hududning xalqaro iqtisodiy aloqalarini kengaytirish kabi ulkan vazifalar mujassam.
Bugun ushbu vazifalar ijrosi doirasida hududning barcha tarmoqlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qarshi va Shahrisabz shaharlari hamda qator tumanlarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Bu esa iqtisodiy islohotlarning eng muhim jihatlaridan birini, ya’ni, iqtisodiy o‘sishning bevosita aholi hayotida aks etishini ta’minlashga qaratilgan.
Yangi avtomobil yo‘llarining qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, Qamashi tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivining barpo etilishi, ichimlik va oqova suv tarmoqlarining kengaytirilishi, elektr tarmoqlarining modernizatsiya qilinishi hamda yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida yuz minglab aholining turmush sharoitini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Hudud infratuzilmasining rivojlanishi esa, o‘z navbatida iqtisodiy faollik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Yo‘llar yaxshilanishi, elektr va suv ta’minotining barqarorlashishi, yangi massivlar va zamonaviy infratuzilmaning barpo etilishi nafaqat aholi uchun qulaylik, balki tadbirkorlar va investorlar uchun ham muhim omildir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan ishlar bir-biridan alohida loyihalar emas, balki yagona taraqqiyot zanjirining uzviy bo‘g‘ini desak, o‘rinli bo‘ladi.
Hammaga ma’lum, Qashqadaryoning iqtisodiy salohiyatini oshirishda qishloq xo‘jaligi alohida o‘rin tutadi. Vohaning yer-suv resurslari, dehqonchilik an’analari va mehnat salohiyati ushbu sohani rivojlantirish uchun katta imkoniyatdir. Shu bois bu sohada ham mutlaqo yangi yondashuvlar asosida ish olib borilmoqda. Asosiy e’tibor yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Erlarni qayta qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, “Aqlli quduqlar” platformasini ishga tushirish, “Agrostar” tizimini tashkil qilish, chorvachilik va ozuqa yetishtirishni rivojlantirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash kabi chora-tadbirlar vohaning agrar salohiyatini yuksaltirish uchun chora-tadbir sifatida belgilab olingan.
Ammo bugun qishloq xo‘jaligiga faqat an’anaviy ishlab chiqarish tarmog‘i sifatida qarashning o‘zi yetarli emas. Zamonaviy agrar siyosatda yer, suv, texnika, ilm-fan, raqamli texnologiya va inson omilini bir butun tizim sifatida qarash talab etilmoqda. Shu jihatdan, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va “Aqlli quduqlar” platformasining ishga tushirilishi resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu esa nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar manfaatlarini ham hisobga olgan holda ish yuritilayotganidan darak.
Qishloq xo‘jaligida yangi yondashuvlarning joriy etilishi fermer va dehqonlar uchun ham yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish mehnat unumdorligini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish va mahsulot raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Islohotlarning yana bir muhim jihati, inson kapitaliga bo‘lgan e’tiborning kuchaytirilayotgani. Darhaqiqat, har qanday iqtisodiy dasturning muvaffaqiyati, avvalo, uni amalga oshiradigan insonlarga bog‘liq. Zamonaviy korxonalarni barpo etish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun bilimli, kasb-hunarli va tashabbuskor kadrlar zarur. Shu ma’noda, Qashqadaryoda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar iqtisodiy islohotlar markazida turibdi.
Viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovini 80 foizdan oshirish, 18 mingdan ziyod xotin-qizlar uchun daromad manbaini yaratish, Germaniya bilan hamkorlikda yoshlarni xorijiy til va kasblarga o‘qitish, 50 ming nafar fuqaroni Yevropa davlatlarida mehnat faoliyatiga tayyorlash kabi vazifalar ham belgilab olingan. Zero, bu raqamlar ortida minglab insonlarning taqdiri, oilalarning farovonligi va yoshlarning kelajak rejalari mujassam.
Ayniqsa, xotin-qizlar uchun daromad manbalarining yaratilishi oila farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish esa ularning nafaqat ichki, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh bo‘lishi uchun zamin yaratadi desak, adashmagan bo‘lamiz. Shu boisdan, viloyat mutasaddilari bunga alohida e’tibor bilan qaraydilar.
Inson kapitaliga sarmoya kiritishning eng katta samarasi shundaki, uning natijasi bir kunlik yoki bir yillik ko‘rsatkich bilan cheklanmaydi. Bilim va kasbga ega bo‘lgan inson keyinchalik yangi imkoniyatlarni o‘zi yaratadi, oilasi va jamiyati taraqqiyotiga o‘z-o‘zidan hissa qo‘shadi.
Bu tashabbuslar, avvalo, aholi, ayniqsa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning zamonaviy kasblarni egallashi va munosib daromad topishi uchun keng sharoit yaratadi.
Viloyatda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. “Qashqadaryo erkin iqtisodiy zonasi” hududida qiymati 195 million dollarlik 26 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Har bir yangi loyiha, bu yangi ishlab chiqarish quvvati, yangi texnologiya va eng muhimi, yangi ish o‘rinlari demak. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va hudud iqtisodiy faolligini kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Jumladan, “Sulton Tex Group” MCHJ tomonidan qiymati 120 million dollar bo‘lgan, 3500 ta ish o‘rniga ega, O‘zbekistondagi unikal suvni isrof qilmaydigan mato, tayyor kiyim-kechak va gigiyenik vositalar ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilish jarayonida. Mazkur loyihaning ahamiyati uning hajmidagina emas, balki ishlab chiqarish yo‘nalishining zamonaviyligida ham namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, “Muborak” innovatsion sanoat zonasi va “Qarshi” yashil texnologiyalar sanoat zonasida 2026-2027-yillarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollardan ziyod 36 ta loyihani amalga oshirish hamda qariyb 6 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu loyihalarning amalga oshirilishi hudud sanoat salohiyatini yanada oshirish bilan birga, mahalliy aholi uchun yangi mehnat imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Bugun dunyo mehnat bozorida kasb va malakaga bo‘lgan talab ortgan. Shu bois yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, xorijiy tillarni o‘rgatish va ularni xalqaro mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash muhim vazifaga aylanib ulgurdi. Qashqadaryoda ham bu borada muhim qadamlar tashlangan, yanayam aniqrog‘i, xalqaro mehnat bozori uchun kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishida Germaniya bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Rejaga ko‘ra, 2026-yilda 3 ming, 2027-yilda 5 ming nafar yoshni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitib, tartibli mehnat migratsiyasi asosida ishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bu maqsadda Qarshi shahrida Ta’lim va texnologiyalar markazi ochildi. Markaz yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, ularning xorijiy tillarni o‘rganishi va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishi uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning barchasini bir nuqtada birlashtiruvchi asosiy maqsad bor. Bu – inson manfaati. Axir, yangi yo‘llar insonning manzilga tez va qulay yetib borishi uchun xizmat qiladi. Yaxshilangan ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratadi. Modernizatsiya qilingan elektr tarmoqlari xonadonlar va ishlab chiqarish ob’ektlarining barqaror faoliyatiga zamin yaratadi. Yangi sanoat korxonalari ish o‘rinlarini yaratadi. Investitsiya loyihalari iqtisodiy faollikni oshiradi. Qishloq xo‘jaligidagi yangi texnologiyalar dehqon va fermerlarning imkoniyatlarini kengaytiradi. Zamonaviy kasblarga o‘qitilgan yoshlar esa o‘z kelajagini yanada ishonchli qurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Demak, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlik bir-biridan ajralgan tushunchalar emas. Aksincha, ular bir-birini to‘ldirib, yagona taraqqiyot jarayonini shakllantiradi.
Qashqadaryoda bugun amalga oshirilayotgan ishlar ana shu yaxlit yondashuv asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Prezidentimizning ushbu tarixiy qarori shunchaki nazariy rejalar majmui emas, balki Qashqadaryoning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan mukammal va hayotiy dasturdir. Ushbu hujjat vohaning strategik salohiyatini harakatga keltiruvchi kuchli lokomotiv vazifasini bajarmoqda. Chunki bugun belgilanayotgan har bir vazifa aniq maqsad va aniq natijaga yo‘naltirilgan.
Bir tomonda ulkan investitsiya loyihalari, yangi ishlab chiqarish korxonalari va zamonaviy sanoat zonalari barpo etilsa, ikkinchi tomonda inson kapitaliga, ta’limga, kasb-hunarga va yoshlarning kelajagiga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Milliard dollarlik ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy raqamli infratuzilma va inson kapitaliga yo‘naltirilgan tizimli investitsiyalar har bir vohalik uchun munosib mehnat sharoiti, farovon hayot va porloq istiqbolning mustahkam poydevorini yaratmoqda. Ayni paytda, taraqqiyotni faqat yangi binolar, yo‘llar yoki korxonalar soni bilan baholab bo‘lmaydi. Uning haqiqiy mezoni, odamlar hayotidagi o‘zgarishdir. Agar yangi korxona ish o‘rni yaratsa, oila daromadi oshsa, yosh mutaxassis o‘z kasbi bo‘yicha ishlasa, tadbirkor yangi biznesini yo‘lga qo‘ysa, qishloq aholisi zamonaviy texnologiyalar asosida ish yuritsa — ana shunda islohotlarning samarasi inson hayotida namoyon bo‘ladi. Qashqadaryodagi bugungi jarayonlar aynan ana shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Vohaning boy tabiiy resurslari va iqtisodiy imkoniyatlari inson kapitali bilan uyg‘unlashgan taqdirdagina barqaror taraqqiyotga erishish mumkin. Shu bois ta’lim, kasb-hunar, xorijiy tillar, zamonaviy texnologiyalar va yoshlarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari iqtisodiy vazifalar bilan bir qatorda turgani bejiz emas.
Ayniqsa, yoshlarga berilayotgan e’tibor vohaning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun g‘oyatda muhim. Chunki bugun bilim va kasb egallayotgan yoshlar ertaga yangi korxonalarni boshqaradi, yangi mahsulotlar yaratadi, innovatsion g‘oyalarni amalga oshiradi va yangi ish o‘rinlarini tashkil etadi. Shu ma’noda, Qashqadaryoning bugungi taraqqiyot strategiyasi faqat bugungi kun ehtiyojlarini emas, balki ertangi avlod manfaatlarini ham qamrab olgan.
Qisqasi, vohada shakllanayotgan yangi iqtisodiy muhit, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, rivojlanayotgan sanoat, modernizatsiya qilinayotgan infratuzilma, zamonaviy texnologiyalar bilan boyib borayotgan qishloq xo‘jaligi va eng muhimi, bilimli, kasbli va tashabbuskor avlod — Qashqadaryoning kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevordir. Unda amalga oshirilayotgan ishlar Yangi O‘zbekistonning umumiy taraqqiyot sur’atlariga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.
Saidvafo Boboyev,
yozuvchi