Viloyat hokimi kitobxon yoshlar bilan uchrashdi
Urganch shahridagi “Bilim – xazina” kutubxonasida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimovning kitobxon yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samimiy muloqotda bugungi kunda yurtimizda yoshlarning mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar alohida ta’kidlandi.
“Kitob o‘qigan inson dunyoni kengroq tasavvur qiladi, muammolarga to‘g‘ri yechim topa oladi. Bugungi yoshlarimizning intilishi, kitobga bo‘lgan mehri bizni juda quvontiradi”, – deya ta’kidladi viloyat rahbari.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va yangi loyihalari bilan faol ishtirok etdi. Viloyat hokimi har bir taklifni tinglab, yoshlarning ilmiy, ijodiy va ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
– Bugungi uchrashuv men kabi juda ko‘plab kitobxon yoshlar uchun unutilmas voqea bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi yosh kitobxon Nodirbek Hojiyev. – Viloyatimiz hokimi bilan aynan biz sevgan maskan kutubxonada, kitoblar qurshovida samimiy va ochiq muloqot qildik. Har bir yoshning fikrini, taklifini diqqat bilan tingladi. Men ham o‘zimning tengdoshlarim orasida mutolaa madaniyatini yanada ommalashtirish, kutubxonamizda zamonaviy elektron resurslarni kengaytirish bo‘yicha takliflarimni bildirdim. Bunday uchrashuvlar bizga juda katta motivatsiya beradi. Kitob o‘qish shunchaki mashg‘ulot emas, balki kelajakka poydevor ekanini bugun yana bir bor his qildik.




Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Xorazm viloyatida “Yosh kitobxon” hamda “Yosh kitobxon oila” tanlovlarida jami 20 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdi. Shuningdek, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashkil qilingan “Kitob fest”, “1000 ta kitob” loyihalari hamda kitobxonlik aksiyalarida yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri