Vеlotrekchilar O‘zbekiston kubogida kuch sinashmoqda
Namangan shahridagi velotrek majmuasida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi boshlandi.
Musobaqaning ilk kunida ishtirokchilar yakkalik va skretch poygalarida g‘oliblik uchun o‘zaro raqobatlashdi. Erkaklar o‘rtasidagi 4 km. masofaga o‘tgan yakkalik poygasida Alimardon Jamoldinov, Konstantin Elli va Davirjon Abdurahmonov shohsupaga ko‘tarildi. Ushbu yo‘nalishda ayollar 3 km. masofada kuch sinashib, unda Yevgeniya Golotina, Samira Ismoilova hamda Asal Rizayeva g‘olib va sovrindorga aylandi.

45 aylanadan iborat bo‘lgan skretch guruh poygasida Artyomiy Sherbakov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida 24 aylanalik skretch guruh poygasida Nafosat Qo‘ziyevaga teng keladigani topilmadi.
Bugun, 21 oktyabr kuni O‘zbekiston kubogi doirasida erkaklar va ayollar o‘rtasida chiqarib yuborish guruh poygasi hamda 4 km. masofaga jamoaviy poyga yo‘nalishlari bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA