Velomarafon: sog‘lom hayot va toza havo sari
22-sentabr — Xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan Jizzax shahrida “Salomatlik sari yo‘l” shiori ostida ommaviy velomarafon o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda atmosfera havosini muhofaza qilishga jamoatchilik e’tiborini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Bunday tashabbuslar transport vositalaridan foydalanishni qisqa muddatga cheklash orqali shahar muhitiga e’tibor qaratish, piyoda yurish va velosipedda harakatlanish kabi faol turmush tarzini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Jizzax viloyat hokimligi, viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda viloyat sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan velomarafon erta tongdan boshlandi. Jizzax shahri, Sayiljoyi mahallasidagi Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi oldiga korxona va tashkilotlar vakillari, talabalar hamda keng jamoatchilik to‘plandi.

Ishtirokchilar velosipedlarini shay holatga keltirib, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatni boshladi. 4 kilometr masofani qamrab olgan ommaviy velopoyga nafaqat sport tadbiri, balki Xalqaro avtomobilsiz kunning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot aksiyasi sifatida ham ahamiyat kasb etdi.

Velosiped – inson salomatligi va atrof-muhitga bir vaqtda foyda keltiradigan harakat vositalaridan biri. Shu bois bu kabi ommaviy tadbirlar jamiyatda sog‘lom odatlarni qaror toptirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Marafon yakunida faollik ko‘rsatgan g‘olib va sovrindorlar homiylarning qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.

Tadbir ishtirokchilarining velosipedda bir maqsad sari harakatlangani Jizzaxda sog‘lom turmush tarzi, ekologik mas’uliyat va jamoaviy faollikni uyg‘unlashtirgan tashabbuslarga qiziqish yuqori ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri