Vazir Jizzax viloyati dalalarida bo‘ldi
Qishloq xo‘jaligida islohotlar samarasi qarorlar qabul qilinishi bilan emas, ularning dala sharoitida qanday ishlayotgani bilan baholanadi. Jizzax viloyatida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilgan amaliy o‘rganishlar Prezident belgilab bergan vazifalarning ijrosi joylarda qanday ta’minlanayotganini, ilm-fan, innovatsiya va intizom uyg‘unligi esa yuqori hosildorlikning hal qiluvchi omiliga aylanayotganini yaqqol namoyon etdi.
Mamlakatimizda agrar tarmoqni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu borada qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi hamda 2023-yil 23-noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari sohadagi islohotlarning izchil huquqiy asosini yaratdi.

Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Jizzax viloyatiga amalga oshirgan ishchi safari hisobot uchun emas, natija uchun xizmat qiluvchi amaliy yondashuv sifatida ahamiyat kasb etdi. Mirzacho‘l, Sharof Rashidov, Paxtakor, Zafarobod va Baxmal tumanlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar har bir qarorning hayotga tatbiqi, har bir tavsiyaning amaldagi samarasiga qaratildi.

Mirzacho‘l tumanidagi “Quyoshli vodiy” fermer xo‘jaligining 26 gektar paxta maydonida g‘o‘zaning rivojlanishi kompleks tahlil qilindi. E’tibor markazida faqat bugungi holat emas, balki kelgusi hosil taqdiriga ta’sir qiluvchi barcha omillar turdi. Yekin navini to‘g‘ri tanlash, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, o‘g‘itlash tizimi va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlar yana bir bor amalda ko‘rib chiqildi. Vazir fermerlar bilan muloqotda har bir agrotexnik tadbirning kechikishi yoki sifatsiz bajarilishi yuzlab tonna ehtimoliy hosilni yo‘qotishga olib kelishini alohida ta’kidladi.

Shu xo‘jalikning 13 gektar maydonida g‘alladan keyin ekilgan mosh esa ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimining amaliy namunasi sifatida baholandi. Bunday yondashuv tuproq unumdorligini saqlash, azot muvozanatini yaxshilash va fermer daromadini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Sharof Rashidov tumanidagi “Baraka orom” MCHJda 33 gektar maydonda xitoylik hamkorlar bilan takroriy ekin sifatida ekilgan paxta esa yangi imkoniyatlarni ochayotgan ilmiy tajriba sifatida baholandi. Ekilganiga atigi 10 kun bo‘lgan nihollarning sog‘lom rivojlanayotgani agrotexnologiyalarga qat’iy amal qilish qanday natija berishini ko‘rsatdi. Bu tajriba kelgusida mamlakatimizda takroriy paxtachilik imkoniyatlarini ilmiy jihatdan baholash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Paxtakor tumanidagi “Anvar-A” fermer xo‘jaligida 50 gektar maydonda Xitoyning Shinjon tajribasi asosida ekilgan xorijiy paxta navlari o‘rganildi. Bu yerda g‘o‘zaning gullash bosqichida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, oziqlantirish va sug‘orish ishlarining aniq muddatlarda tashkil etilishi hosildorlikni belgilaydigan hal qiluvchi bosqich ekani qayd etildi. O‘zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov bilan Jizzax tuproq-iqlim sharoitiga mos istiqbolli navlarni yaratish va seleksiya ishlarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Zafarobod tumanidagi “Toshtemir ota” fermer xo‘jaligidagi 101,7 gektar maydonda tashkil etilgan amaliy seminarda esa nazariya bilan amaliyot birlashdi. Maydonning 58 gektariga g‘alla, 42,1 gektariga paxta ekilgan. 120 nafardan ortiq fermer ishtirokida o‘tgan seminarda zamonaviy agrotexnologiyalarning mazmun-mohiyati dala sharoitida tushuntirildi. G‘o‘zaning 90–95 santimetr bo‘yga yetishi agrotexnik me’yor ekani, oziqlantirish va sug‘orish ishlarini olimlar tavsiyalari asosida tashkil etish yuqori hosil garovi ekani ta’kidlandi.

Jizzax safarida faqat paxtachilik emas, balki qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ham atroflicha o‘rganildi. Baxmal tumanidagi “Aziz O‘” MCHJning 3 gektar plantatsiyasida 1 gektarga AQSHdan keltirilgan maymunjon, 2 gektarga Polsha seleksiyasiga mansub malina ekilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida ilk hosil olindi. Mahsulotlar ichki bozor bilan birga eksport talablari asosida ham yetishtirilayotgani muhim ahamiyatga ega.
“Baxmal Agro Star” MCHJning 13,5 gektar intensiv bog‘ida esa 26 ming 700 tup yuqori hosilli olma ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, har gektardan 24–25 tonna mahsulot olish rejalashtirilgan. Shuningdek, "Aziz Yelbekovich" MCHJning 100 gektar intensiv bog‘ida o‘tgan mavsum 2200 tonna olma yetishtirilgani sohadagi zamonaviy yondashuvlar o‘z samarasini berayotganini tasdiqlaydi.

Safar davomida Prezidentning Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar ijrosiga ham alohida e’tibor qaratildi. Yosh tadbirkor Fazliddinxo‘ja Ahmedov bilan uchrashuvda "Zomin asalarichilik maktabi" loyihasini amalga oshirish, Turkiya va Polshadan zamonaviy uskunalar keltirish, asalni chuqur qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilandi. Bugun mazkur tashabbus doirasida 20 nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, istiqbolda yana kamida 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Jizzax viloyatidagi mazkur amaliy o‘rganishlar yana bir muhim xulosani tasdiqladi: agrar sohada muvaffaqiyatning asosiy mezoni — ilmiy yondashuv, texnologik intizom va shaxsiy mas’uliyatdir. Bugun fermer, olim va mutaxassisning hamkorligi kuchaygan sari yerning unumdorligi, suvning qadri va mehnatning samarasi ortib bormoqda. Eng muhimi, Prezident belgilab bergan islohotlar dalalarda real natija berayotgani, qishloq xo‘jaligi yangi sifat bosqichiga ko‘tarilayotgani Jizzax tajribasida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari