O‘yinchoqlar xavfsizligiga 200 ta yangi talab joriy etiladi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida o‘yinchoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbir Prezident tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi hamda Tadbirkorlar kuni arafasida tashkil etiladigan ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida tashkil etildi.
Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot davomida Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son farmoni asosida texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taqdim etildi. Xususan, tadbirkorlarga eksport bozorlarida xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash imkoniyati yaratilgani, akkreditatsiya yig‘imlari 2,5 barobarga qisqartirilgani, milliy standartlar ixtiyoriy asosga o‘tkazilgani hamda xalqaro standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti joriy etilgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bolalar uchun ishlab chiqariladigan o‘yinchoq mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, amaldagi texnik reglament 222 ta xavfsizlik ko‘rsatkichini qamrab olgan bo‘lsa, xalqaro talablar asosida ishlab chiqilayotgan yangi texnik reglamentga qo‘shimcha qariyb 200 ta xavfsizlik talabi kiritilishi rejalashtirilgan. Mazkur hujjatni 2028-yildan amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bugungi kunda respublikada o‘yinchoq mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega 34 ta akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi. Ayni paytda ushbu laboratoriyalarning texnik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda xalqaro talablarga mos yangi sinov turlarini yo‘lga qo‘yish ishlari izchil davom etmoqda.
2026-yilda savdo tarmoqlarida o‘tkazilgan nazorat xaridlari natijasida tekshirilgan 60 turdagi o‘yinchoq mahsulotining 26 tasida xavfsizlik talablariga nomuvofiqliklar aniqlangan. Bu esa ichki bozorda sotilayotgan mahsulotlar sifatini kuchli nazorat qilish va iste’molchilar, ayniqsa bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Ochiq muloqotda eksport imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar ham taqdim etildi. Jumladan, Chexiya Respublikasida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» shourumi, Yevropa Ittifoqining CE markirovkasini olishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasini raqamlashtirish doirasida TRIS milliy axborot tizimi va nomuvofiq mahsulotlar reyestrining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Bildirilgan fikr va mulohazalar texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, o‘yinchoq mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarni keng joriy etish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni belgilashda inobatga olinishi ta’kidlandi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA