Vazir Buxorodagi ilg‘or loyihalar bilan tanishdi
Qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalar, innovatsion loyihalar va agrar sohadagi istiqbolli tashabbuslar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif Vobkent tumanidagi “Nuriddin Murod” fermer xo‘jaligidan boshlandi. Vazir mazkur xo‘jalikka qarashli maydonlarda parvarishlanayotgan jut ekinining holati, agrotexnik tadbirlarning bajarilishi va kelgusidagi rivojlanish imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi. Suhbat davomida jut yetishtirish bo‘yicha olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar muhokama qilinib, keyingi agrotexnik jarayonlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Ayniqsa, o‘simlikning barqaror rivojlanishi uchun sug‘orish ishlarini kechiktirmasdan tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
“Abror Muhammad saxovati” fermer xo‘jaligida mahalliy “Ahmad” navli g‘alla ekilgan maydonlar o‘rganildi. Ekinlarni parvarishlash jarayonida barcha agrotexnik tadbirlar ilmiy tavsiyalar asosida amalga oshirilgani, urug‘liklar yarovizatsiyadan o‘tkazilgani qayd etildi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, joriy mavsumda ushbu maydonlardan yuqori hosil olinishi kutilmoqda.
Vazir g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik ishlarini ham ko‘zdan kechirib, hosilni qisqa muddatlarda va talafotlarsiz yig‘ib olish, texnikalardan samarali foydalanish hamda ekindan bo‘shagan maydonlarni takroriy ekinlar uchun tezkor tayyorlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yukladi.

Peshku tumanidagi “Buxoro servis agroklaster” MCHJda Shinjon agrotexnologiyasi asosida amalga oshirilayotgan tajriba-sinov ishlari vazir e’tiborini tortdi. Bu yerda chigit turli rangdagi plyonkalar ostiga ekilib, ularning g‘o‘za rivojlanishiga ta’siri o‘rganilmoqda. Dastlabki kuzatuvlar turli rangdagi plyonkalar qo‘llangan maydonlarda o‘simlik o‘sishi yaxshi kechayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yangi texnologiyalarning samaradorligini baholash va ularni keng joriy etish imkoniyatlarini ochib bermoqda.
Romitan tumanidagi “Buxara Seed Cluster” MCHJda tashkil etilgan biogumus ishlab chiqarish majmuasi ham tashrifning muhim manzillaridan biri bo‘ldi. Bu yerda “Kaliforniya chuvalchangi” yordamida ekologik toza va yuqori samarali organik o‘g‘it tayyorlanmoqda. Korxona o‘tgan yili ming tonna biogumus ishlab chiqargan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirish rejalashtirilgan.
Vazir organik o‘g‘itlardan foydalanish tuproq unumdorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va organik mahsulotlar yetishtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatning barcha hududlarida shunday loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Buxoro tumanidagi “Islom Narziobod” fermer xo‘jaligida ham g‘alla maydonlarining holati o‘rganildi. Xo‘jalikning 120 gektar maydoniga xorijiy yuqori hosildor navlar ekilgan bo‘lib, zamonaviy agrotexnologiyalar qo‘llanilishi natijasida har gektardan 120 sentnergacha hosil olish kutilmoqda. Vazir bunday natijalar ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga samarali tatbiq etishning amaliy ifodasi ekanini qayd etdi.

Tashrif davomida Buxoro davlat universitetining tajriba maydoni ham ko‘zdan kechirildi. Universitetning 10 gektarlik bazasida Turkiyaning “Yilmaz Fidancilik” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy ko‘chatchilik markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 50 turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini yetishtirish, yiliga yuz minglab sifatli ko‘chatlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, tajriba maydonida qushqo‘nmas o‘simligini yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha ham loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa universitetning ilm-fan bilan bir qatorda iqtisodiyot uchun ham amaliy ahamiyatga ega mahsulotlar yetishtirishga hissa qo‘shayotganini ko‘rsatadi.
Qorako‘l tumanidagi “Yangiboy Ochil g‘allakor” fermer xo‘jaligida esa Shinjon agrotexnologiyasi asosida parvarishlanayotgan paxta maydonlari o‘rganildi. G‘o‘za hozirda gullash fazasiga kirgan bo‘lib, agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmoqda. Fermer va klaster o‘rtasidagi samarali hamkorlik yuqori natijalarga erishishning muhim omili sifatida e’tirof etildi.
Tashrif yakunida vazir Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligida ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri