Tomorqa — farovonlik manbai
Boyovut tumani Yangibo‘ston mahallasida yashovchi Sulaymonovlar oilasi tomorqadan samarali foydalanib, oila daromadini oshirish va turmush farovonligini ta’minlashga erishmoqda. Xonadon sohibasi Mehriniso Sulaymonova va kelini Aziza Sulaymonovaning mehnati natijasida kichik yer maydoni barqaror daromad manbaiga aylangan.
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirish maqsadida tomorqachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan har bir qarich yerdan unumli foydalanish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar joylarda o‘z samarasini bermoqda. Sulaymonovlar oilasi faoliyati ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Xonadonning 4 sotixli issiqxonasida fevral oyidan buyon pomidor, bodring, bolgar qalampiri, sarimsoq piyoz va turli ko‘katlar parvarishlanmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlar mahalla aholisiga yetkazib berilib, oila daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, 8 sotix maydonda yetishtirilgan kartoshkadan ham o‘tgan yilga nisbatan mo‘lroq hosil olindi. Bu esa oilaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, oila byudjetga qo‘shimcha mablag‘ kiritish imkonini bermoqda.

— Tomorqa biz uchun nafaqat daromad manbai, balki oilamiz tirikchiligi, mehnatimiz samarasi va kelajagimizga qo‘yilayotgan ishonchli sarmoyadir. Yerga har qancha mehr bersang, u u ham seni shuncha siylaydi, — deydi xonadon sohibasi Mehriniso Sulaymonova.
Mehriniso opa, kelini Aziza Sulaymonova tomorqachilik bilan birga pillachilik bilan ham shug‘ullanadi. Bu esa oilaning daromad manbalarini yanada kengaytirib, iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugun mazkur xonadonda mehnat madaniyati, tadbirkorlikka intilish va yerdan unumli foydalanish tajribasi yoshlar uchun ham ibrat maktabiga aylangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tomorqachilik aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, kichik maydonlarda issiqxona tashkil etish, takroriy ekinlar ekish va intensiv usullarni qo‘llash orqali yuqori iqtisodiy samaraga erishish mumkin.

Yangibo‘ston mahallasida Sulaymonovlar singari mehnatkash oilalar soni ortib borayotgani esa tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Zero, tomorqa — bu shunchaki yer maydoni emas, balki oila farovonligi, baraka va kelajakka ishonch manbaidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri